Namangan viloyati IIB rahbariyati jamoat xavfsizligi xizmatining bir qator yo‘nalishlari faoliyatini o‘rgandi
Boshqarma boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan shahar va tuman IIBlarining kunduzgi hamda tungi xizmat faoliyati o‘rganilishi bilan bir qatorda, boshqarma tarkibidagi sohaviy xizmatlarning ham faoliyati samaradorligi tahlil etilmoqda.
Jumladan, bugun boshqarma boshlig‘i tomonidan jamoat xavfsizligi xizmatining Kinologiya bo‘linmasi, Maxsus qabulxona hamda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlarining faoliyati va yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.
Dastlab, Kinologiya bo‘linmasidagi xizmat itlarini saqlash pitomnigi faoliyati bilan tanishilib, u yerdagi xizmat itlarining saqlanish sharoitlari va mashg‘ulot jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Jinoyatlarni fosh etish va aniqlash jarayonida xizmat itlaridan yanada samarali foydalanish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, o‘rganish ishlari Jamoat tartibini saqlash boshqarmasining Maxsus qabulxonasida davom ettirilib, u yerda xavfsizlik chora-tadbirlari, saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.
Bundan tashqari, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi faoliyati ham ko‘rib chiqilib, Ma’muriy amaliyot markazi mas’ul xodimlariga aholiga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha mas’ul rahbarlarning taqdimotlari tinglandi.
Bu kabi o‘rganish ishlari belgilangan reja asosida tizimli va izchil tarzda davom ettirilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, xizmat intizomini mustahkamlash hamda faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati