25 Oktyabr 2024 yil 8479

Namangan viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Sh.X.Aliyevning “25 oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan soha xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigi

Hurmatli Ichki ishlar organlari xodimlari!

Qadrli faxriylar!

Avvalo, Siz azizlarni 25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami bilan samimiy tabriklayman.

O‘zining hayotini fuqarolar tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida fido etib, huquq va erkinlikni ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashdek sharafli va masʼuliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan mard va jasur xodimlar, aziz faxriylarimiz hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamkasblarimizning oila aʼzolarini samimiy tabriklab, barcha ezgu tilaklari amalga oshishini tilayman.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirish, ularning quyi bo‘g‘inlarini aholiga yana-da yaqinlashtirgan holda mustahkamlash, barcha darajadagi tuzilmalarning vazifalari va funksiyalarini aniq belgilash, zamonaviy xavf-xatarlarni hisobga olgan holda kuch va vositalarni oqilona taqsimlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Ushbu chora-tadbirlar ichki ishlar organlari rolini oshirish, ularni har bir xodim tomonidan o‘z xizmat burchi — “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni so‘zsiz bajaradigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish imkonini berdi.

Hurmatli Prezidentimiz ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida, tizim faoliyatiga yuksak baho berib, “Yangi O‘zbekiston sharoitida “Barcha islohot va o‘zgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga sodiq qolgan holda, shu yo‘lda boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarib, bu borada o‘tgan davrda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yaratilgan mustahkam huquqiy bazaga tayanamiz” – deya taʼkidlaganlar.

Shu bois bugun, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni yuksak darajada bajarishimiz uchun har bir ichki ishlar organi xodimi fidoyilik, vatanparvarlik bilan bor kuch va g‘ayratini safarbar etishi lozim.

Qadrli hamkasblar, aziz faxriylar!

Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekistonning mustahkam va barqaror rivojlanishida qo‘shayotgan hissangizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Yurtimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli va sharafli xizmatlaringizda zafarlar yor bo‘lsin.

Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

 

Shuxrat Aliyev, polkovnik

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i

Text to speech