Namangan viloyati IIB boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruhning o‘rganishlari Mingbuloq tumanida davom ettirildi
Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida ijtimoiy soha obyektlari faoliyati, kriminogen vaziyat, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi faoliyati kunu-tun tizimli ravishda o‘rganilib, bu boradagi ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar va yo‘nalishlar belgilab berilmoqda.
Shu jarayonning navbatdagi manzili – Mingbuloq tumani bo‘lib, bu yerda ham viloyat IIB boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan qator yo‘nalishlar va muhim manzillar ko‘zdan kechirildi.
Jumladan, Mingbuloq va To‘raqo‘rg‘on tumanlarini bog‘lovchi ko‘prikda qo‘riqlash xizmatini o‘tayotgan xodimlarning xushyorligi, masʼuliyati va xizmat intizomi tahlil qilinib, ularga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi va uning qoshidagi hushyorlashtirish bo‘limi mutaxassislari va mazkur bo‘limga biriktirilgan xodimlarning faoliyati o‘rganildi. Ushbu maskanda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishilib, bo‘limga olib kelingan fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonlarini samarali tashkil etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
O‘rganishlar davomida tungi xizmatga jalb etilgan xodimlar uchun yo‘riqnoma o‘tkazilib, fuqarolar osoyishtaligi, hudud tinchiligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan masʼullarga aniq topshiriqlar yuklatildi.
Bundan tashqari, tumandagi paxta qabul qilish maskanida amalga oshirilgan texnika xavfsizligi chora-tadbirlari ham nazorat qilindi. Masʼul xodimlarga paxta xom-ashyosini yong‘indan asrash, tashish jarayonida harakat xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu kabi o‘rganish ishlari viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati