Namangan viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig'ining viloyat aholisiga murojaati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi joriy yil 30-apreldagi PQ-153-son qarori hamda Ichki ishlar Vazirining 28-avgustdagi 317-sonli farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida 2-sentabrdan 2-oktabrga qadar respublika miqyosida keng qamrovli “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktik targ‘ibot tadbirini o‘tkazish belgilangan.
Shunga muvofiq, viloyatimiz hududida 2-sentyabr kuni “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktik targ‘ibot tadbiri oyligini o‘tkazishga start berildi.
Targ‘ibot tadbirini o‘tkazishdan asosiy maqsadimiz “Fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishlarini oldini olish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda fuqarolarda “kibergigiyena”ni shakllantirish” hisoblanadi.
Xususan, o‘tgan 8 oy davomida viloyatimiz hududida axborot texnologiyalari sohasida jami 3 ming 251 ta jinoiy holatlar sodir etilgan (shundan, 1 693 tasi o‘g‘rilik, 1 473 tasi firibgarlik).
Jinoyat qurboni bo‘layotgan aholimizning asosiy qismi 41 foizi 30-45 yosh, 39 foizi 16-30 yosh hamda 20 foizi 45-60 yoshdagi fuqarolarimiz hisoblanadi.
Fuqarolarimizning 38 foizi virusli ilovalar (APK ilovasi), 15 foizi onlayn savdo platformalari, 14 foizi soxta birja va treyderlar, 13 foizi soxta telefon qo‘ng‘iroqlari, 6,5 foizi onlayn kredit rasmiylashtirish, 3,5 foizi xayriya va ijtimoiy yordam so‘rash, 2 foizi meros yoki pul yuborishni vaʼda qilish hamda 8 foizi boshqa usullar yordamida firibgarlarning tuzog‘iga tushmoqdalar.
Shu sababli, “Xavfsiz kibermakon” targ‘ibot oyligi davomida o‘zimizni va yaqinlarimizni kiberjinoyatchilikdan jabrlanishlaridan saqlash, internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish, bank plastik kartalaringizdagi mablag‘larni firibgarlar tomonidan o‘zlashtirib olishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun targ‘ibot oyligida faol ishtirok etishlikka chaqiraman.
Shu o‘rinda aytish joizki, foydalanib kelayotgan zamonaviy smartfonlaringiz, Siz uchun ham ishonchli do‘st bo‘lishi mumkinligi, aksincha esa, eng xavfli dushmandan ham zararli ekanligini aytmoqchiman.
Buning uchun esa, telefon yoki shaxsiy kompyuterlaringiz orqali taqiqlangan saytlarga kirmaslikni, yolg‘on (feyk) xabarlarga ishonib, firibgar tuzog‘iga tushib qolmaslikni, bir-biringizni shaxsiy maʼlumotlaringizni uning roziligisiz tarqatmaslikni hamda soxta treyderlarga aldanib qolmasligingizni so‘rab qolaman.
Namangan viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig'i S.Nugmanov