7 Dekabr 2023 yil 5319

Namangan viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimlari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi

Ichki ishlar organlarida faoliyat yurituvchi ayol xodimalar jismonan sog‘lom va maʼnan yetuk bo‘lmog‘i lozim. Biroq, erkaklar bilan bir safda xizmat qiladigan ushbu soha egalari har doim ham o‘z salomatliklari uchun qayg‘urishga vaqt topa olishmaydi. Shuni inobatga olgan holda viloyat IIB MMI va KBTX tashabbusi bilan Namangan viloyati IIB Tibbiyot bo‘limi hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida ayol xodimalar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Dastlab malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan seminar o‘tkazildi. Unda ayollarda uchraydigan ichki kasalliklar paydo bo‘lish sabablari, mazkur kasalliklarni oldini olish va davolash hamda sog‘lom turmush tarziga amal qilish borasida kerakli tushuncha va tavsiyalar berildi. Shundan so‘ng barcha xodimalar onkologik va ginekologik tekshiruvlardan o‘tkazildi.

Tibbiy tekshiruvlar yakuniga yetgach viloyat IIB kichik majlislar zalida “Nanonet” psixologik klinikasi psixologlari tomonidan fuqarolar bilan muloqot vaqtida yuzaga keluvchi stress holatlaridan chiqish, shaxsni o‘ziga nisbatan ishonchini mustahkamlash, ish unumdorligini oshirish mavzularida maxsus treninglar o‘tkazildi.

Bu kabi amaliy tadbirlarni doimiy o‘tkazib borilishidan IIO tizimida ayollarning o‘rni va salomatligi muhim ahamiyatga egaligini anglab olish qiyin emas. Bu esa xodimalarning kelgusi faoliyatlarida yana-da samarali ish tashkil etishlarida katta turtki bo‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech