Namangan viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar uchun kasbiy tayyorgarlik o‘quv yig‘inlari boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2021-yil 27-avgustdagi “Ichki ishlar organlarida uzluksiz o‘quv-karyera jarayoni tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi va Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining joriy yil 10-dekabrdagi buyrug‘iga asosan viloyat Ichki ishlar organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov asosida qabul qilingan xodimlar bilan boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv yig‘inlari boshlandi.
Mazkur yig‘in Namangan viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida tashkil etilib, ushbu markaz tinglovchilarni bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar, zamonaviy sinf xonalari, oshxona va yotoqxonalar bilan taʼminlangan.
O‘quv yig‘ini dasturiga muvofiq, masʼul xodimlar tomonidan mashg‘ulotlar tegishli mavzular bo‘yicha ko‘rgazmali qurollar yordamida zamonaviy hamda interfaol metodlardan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.
O‘quv yig‘inlarini yana-da samarali tashkil etish maqsadida davlat boshqaruv va huquq tartibot idoralarining oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari, harbiy qismlardagi tajribali mutaxassislar, shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlarining malakali xodimlari tomonidan amaliy va nazariy darslar yo‘lga qo‘yildi.
Maʼlumot uchun mazkur o‘quv yig‘ini 1 oy davom etadi va yakunda tinglovchilardan belgilangan mavzular bo‘yicha sinovlar qabul qilinadi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan xodimlarga komissiya tarkibi tomonidan sertifikatlar topshiriladi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati