23 Iyul 2025 yil 527

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatining navbatdagi o‘rganish ishlari Kosonsoy tumanida davom etdi

Jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etish borasida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kunu-tun xizmat olib borilmoqda. Bu jarayon doirasida boshqarma rahbariyati tomonidan quyi tizimlar faoliyati o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Joriy o‘rganish doirasida boshqarma boshlig‘i boshchiligidagi ishchi guruh Kosonsoy tumanidagi “Yoshlik” va “Do‘stlik” mahallalari yettiligi faoliyatini atroflicha tahlil qildi. Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, fuqarolarning muammolariga manzilli yondashuvni yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

O‘rganish davomida “Jar” mahallasi hududida yo‘l harakati xavfsizligi va transport infratuzilmasi holati ham tahlil qilindi. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda yo‘llarda tirbandlikni kamaytirish, piyodalar va haydovchilarga qulaylik yaratish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi. Bu borada mavjud muammolar yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 3-safarbarlik guruhining yangi maʼmuriy binosi bilan ham tanishildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Kosonsoy tumani ichki ishlar bo‘limi ma‘muriy binosi ham ko‘zdan kechirildi. Bu yerda yaratilgan moddiy-texnik sharoitlar, xodimlar uchun tashkil etilgan ish muhitining holati, xavfsizlik choralari va xizmat intizomi masalalari o‘rganildi. Xodimlarning joriy yilning o‘tgan davri mobaynidagi, shu bilan birga, "Xavfsiz va sog‘lom yurt" oyligi davomida amalga oshirilgan ishlari tahlil qilinib, ish samaradorlikni yanada oshirish yuzasidan masʼul xodimlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.

Bu kabi o‘rganishlar ichki ishlar tizimida faoliyat samaradorligini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish va eng muhimi, aholining huquqiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech