26 Oktyabr 2023 yil 1118

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasida "25-oktyabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni" munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

Unda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqarma rahbariyati, faxriylar, sohaviy xizmat boshliqlari hamda barcha shaxsiy tarkib ishtirok etishdi.

Mamlakat madhiyasi bilan boshlangan tantanada dastlab viloyat IIB boshlig‘i shaxsiy tarkibga Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. 

Tabrik nutqidan so‘ng, vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uni oldini olish borasidagi samarali mehnatlari, o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida ko‘rsatgan mardlik va jasorati uchun hamda "25-oktyabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni" bayrami munosabati bilan Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan bir guruh xodimlarga “Aʼlo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” 1-2-3-darajali ko‘krak nishonlari, Ichki ishlar vazirining "Faxriy yorlig‘i", esdalik qo‘l soati, kitoblar to‘plami va pul mukofotlari shuningdek navbatdagi hamda muddatidan oldin maxsus unvonlar tantanali tarzda topshirildi.

Uzoq yillar sohada samarali mehnat qilib, hozirda isteʼfoda bo‘lgan faxriylar ham Ichki ishlar vazirligining esdalik qo‘l soati bilan taqdirlanishdi.

Shu bilan birga, joriy yilning 18-22 oktyabr kunlari IIVning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha o‘tkazilgan “Vaziri kubogi” musobaqasida qatnashib, faxrli birinchi o‘rinni egallagan ayollar jamoasi va IIVning "Eng yaxshi tergov jamoasi" nominatsiyasi bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni egallagan tergov xodimlari boshqarma boshlig‘ining pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.

Bayram dasturi davomida xizmatda ijobiy natijalarga erishib, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan doimiy ravishda hamkorlik kelayotgan bir guruh xodimlarga Bosh prokurorning "Faxriy yorlig‘i", Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasining "Faxriy yorlig‘i" va qimmatbaho sovg‘alari hamda viloyat prokuraturasining esdalik qo‘l soatlari tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, 10 nafar xodimlarga Bo‘stonliq tumanidagi mavjud dam olish maskanida dam olish uchun imtiyozli sertifikat topshirildi.

Tantanali bayram yakunida boshqarma boshlig‘i barcha shaxsiy tarkib va mukofotlanganlarni yana bir bor tabriklab, ushbu mukofotlar xodimlarning kelgusi xizmatlarini yana-da shijoat bilan davom ettirishlariga katta turtki bo‘lishini alohida taʼkidladi. 

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech