19 Fevral 2024 yil 2651

“Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i kubogi” musobaqasi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2024-yil 12-fevraldagi tegishli buyrug‘iga asosan, joriy yilning 27-fevral kunidan 6-mart kuniga qadar vazirlikning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida futbol sport turi bo‘yicha “Vazir kubogi” musobaqasi o‘tkazilishi belgilangan.

Mazkur musobaqaning hududiy bosqichlari to‘rtta guruhga bo‘lingan holda Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo hamda Namangan viloyatlarida tashkil etildi.

Namangan viloyatida musobaqaga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida sohaviy-xizmatlar, mustaqil boshqarma hamda tuman (shahar) IIOda xizmat olib boruvchi xodimlardan iqtidorli sportchilarni saralab olish uchun viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i ishlab chiqildi va unga asosan “Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqada jami 16 ta terma jamoalar o‘zaro olimpiya tizimida kuch sinashdi. O‘yinlarni Namangan viloyati futbol federatsiyasining tajribali hakamlar brigadasi boshqarib borishdi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra 3-o‘ringa Patrul post xizmati batalyoni jamoasi, 2-o‘ringa Boshqarma apparati jamoasi loyiq ko‘rildi.

1-o‘rin esa Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi jamoasiga nasib etdi.

Musobaqada, shuningdek, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi hujumchi”, “Eng yaxshi himoyachi”, “G‘alabaga bo‘lgan irodasi uchun” nominatsiya egalari ham aniqlandi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari so‘z olib, jamoalarning har bir o‘yini final bahsiga teng bo‘lib o‘tganligini alohida taʼkidladi va keyingi musobaqalarda ularga omad-zafarlar tiladi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech