Namangan viloyat prokurorining viloyat aholisiga murojaati
Hurmatli Namangan viloyati fuqarolari, ota-onalar, tadbirkorlar!
Viloyatimizda, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurash, bir so‘z bilan aytganda, tinch va farovon turmush tarzini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida jinoyatlarning qotillik, bosqinchilik, talonchilik, firibgarlik, bezorilik, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l - trasport turlarini kamayishiga erishildi.
Biroq, kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilib, o‘zining ijobiy natijasini berayotgan bir vaqtda, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining sodir etilayotganligi barchamizni birdek tashvishga solmoqda.
Xususan, joriy yilning 8 oyida og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati 40 (34) ta sodir etilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 ta yoki 17,6 foizga oshgan.
Ularning 3 tasi transportda yo‘l talashish;
- 8 tasi jabrlanuvchi mast bo‘lib, ayblanuvchiga nisbatan sodir etgan noqonuniy xatti - harakatlari;
- 6 tasi shilqimlik va voyaga yetmagan maktab o‘quvchilarining o‘rtasida kelib chiqqan arzimas kelishmovchiliklar;
- 2 tasi qarz va o‘zboshimchalik bilan yerni egallab olish natijasida kelib chiqqan nizo;
- 14 tasi ayblanuvchilarning ichkilikka ruju qo‘yib, nojo‘ya xatti - harakatlar sodir etishining salbiy taʼsiri;
- 10 tasi boshqa holatlar.
Jinoyatlar 6 tasi muqaddam sudlangan shaxslar;
- 22 tasi rasmiy ish (norasmiy) bilan band bo‘lmagan shaxslar;
- 6 tasi ijtimoiy profilaktika obyekti bo‘lgan shaxslar va 6 tasi boshqa shaxslar tomonidan sodir etilgan.
Hurmatli yurtdoshlar!
Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.
Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan 1 va 111 - sonli qarorlari asosida viloyatda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga masʼul idoralardan kunlik so‘rov o‘tkazish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu jinoyatlarning sodir bo‘lishiga bir necha omillar sabab bo‘lmoqda.
Ushbu toifa jinoyatlarini kelib chiqishiga:
- haydovchilarda yo‘l madaniyati yo‘qligi;
- ichkilikka ruju qo‘ygan yoki mast holatda tajovuzkor xarakterga ega bo‘lgan shaxslar bilan yetarli ish tashkil etilmaganligi;
- muqaddam sudlangan va probatsiya hisobida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni bilan manzilli va individual tartibda yetarlicha ishlanmayotganligi;
- ajrim yoqasiga kelib qolgan, uzoq muddat oilaviy nizolashayotgan shaxslarni yarashtirish yoki nizoni bartaraf etish choralari yetarlicha ko‘rilmayotganligi;
- keng jamoatchilik vakillarini sodir etilayotgan holatlarga beparvoligi sabab va omil bo‘lmoqda.
Mazkur muammolarni bartaraf etish va jinoyatlarning oldini olish maqsadida prokuratura organlari tomonidan bir qator profilaktik nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Muxtaram Prezidentimizning joriy yilning 18 avgust kunidagi jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasidagi PQ-253-sonli qarorlari ijrosi ustidan ham qatʼiy prokuror nazorati o‘rnatildi.
Yaratilgan yangi tizim samarasida, kriminogen vaziyati og‘ir 105 ta hamda 3 yildan buyon kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 13 ta mahallalarga prokuratura, ichki ishlar, Milliy gvardiya va taʼlim muassasasi masʼul xodimlari nomma - nom biriktirilib, manzilli chora - tadbirlar “yo‘l xarita” lari ishlab chiqildi.
Oqibatda, viloyatdagi 754 ta mahallarning 390 (51,7%) tasida jinoyat sodir etilmadi, 315 (41,8%) tasida esa, jinoyatlar kamaydi.
Shuningdek, ushbu 13 ta mahallalar hududiga 4.920 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, shundan 279 tasi “Qalqon” tizimiga, 194 tasi “Huquq tartibot maskanlari” ga integratsiya qilindi, 890 ta obyekt va 463 ta xonadonlar texnik qo‘riqlovga olindi hamda 297 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi.
Bu ishlar qisqa muddatda o‘z samarasini ko‘rsatib, bir necha yillardan buyon jinoyatlar salmog‘i yuqori bo‘lgan qizil toifadan chiqmasdan kelayotgan Sardoba, G‘ishtko‘prik, Yuqori G‘irvon va Go‘zal mahallalari qizil toifadan chiqarilishiga erishildi.
Albatta, bu ishlarimiz ham natija berayapti, lekin shunday bo‘lsada bu kabi jinoyatlar hanuzgacha qayd etilmoqda.
Shu munosabat bilan, Siz hurmatli fuqarolarimizga murojaat qilgan holda quyidagi profilaktik choralarni ko‘rishingizni tavsiya qilamiz.
- yo‘llarda avtomototransport vositalarini haydayotganda yo‘l madaniyatiga rioya qiling;
- hududingizdagi ichkilikka ruju qo‘ygan yoki mast holatda tajovuzkor xarakterga ega bo‘lgan shaxslar haqida zudlik bilan ichki ishlar organlariga habar bering;
- hududingizdagi ajrim yoqasiga kelib qolgan, uzoq muddat oilaviy nizolashayotgan shaxslarni namunali turmushga qaytarishda hokimlik, mahalla va mutasaddilarga ko‘makdosh bo‘ling!
Qadrli yurtdoshlar!
Keling, barchamiz jinoyatchilikning oldini olishda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
Namangan viloyat prokurori U.M.Madraximov
 
                     
                                    