Namangan viloyat IIB rahbariyati tomonidan "Rahbar va tyutorlar uchrashuvi" o‘tkazildi
Mamlakatimizda Ichki ishlar organlari tomonidan oliy taʼlim muassasalarida qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ammo bu borada olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan talabalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar ortib borayotganligi barchani tashvishga solmoqda. Bu esa o‘z navbatida talabalar o‘rtasida olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy va taʼlim-tarbiya ishlarini yana-da kuchaytirilishini taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan talabalar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan talabalarni aniqlash, talabalar yotoqxonasi va ijarada yashovchi talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlari, yashash sharoitlarini doimiy ravishda o‘rganib borish, bu borada masʼul shaxslar, xususan, tyutorlar bilan uzviy hamkorlikni olib borish maqsadida, Namangan davlat universitetida viloyat hududidagi oliy taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan tyutorlar, prorektorlar, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda oliy taʼlim muassasalarida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari ishtirokida muhokama uchrashuvi tashkil etildi.
Yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida talabalar tomonidan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida talabalarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, ularning zamonaviy bilim olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, ularni vatanparvarlik hamda ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalarida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar belgilab olindi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati