Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasida 8 mart xalqaro xotin qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Go‘zallik va nafosat bayrami, ko‘klamning ilk shodiyonasi, bahor va ona tabiatning o‘zgacha inʼomi bilan kirib kelayotgan bayram bugun yurtimizda keng nishonlanmoqda. Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasida ham 8 mart xalqaro xotin qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda so‘z olgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, ichki ishlar organlari tizimida matonat bilan xizmat qilib kelayotgan barcha xodimlarni, turli sohalarda yelkadosh bo‘layotgan barcha xotin qizlarni bayram bilan samimiy tabriklab, ichki ishlar vaziri general leytenant Po‘lat Bobojonovning bayram tabrigini tadbir ishtirokchilariga o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng ichki ishlar organlarida ko‘p yillik samarali mehnati sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shganligi hamda 8 mart Xalqaro xotin qizlar kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarga Ichki ishlar vazirligining ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq, esdalik qo‘l soatlari, muddatidan avval maxsus unvonlar topshirildi. Shu bilan birga bir guruh xodimlarga boshqarma boshlig‘ining esdalik qo‘l soatlari topshirildi.
Taqdirlash marosimidan so‘ng ichki ishlar boshqarmasi faxriy kengashi raisi Olimjon Dolimov so‘zga chiqib, bayram sababchilariga o‘zining tabrik va tilaklarini yo‘lladi.
Tadbirning badiiy qismida Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan klip namoyish etildi. Sahnaga viloyat sanʼat namoyondalari taklif etilib, ular tomonidan ijro etilgan kuy qo‘shiqlar ishtirokchilarga chinakam bayramona kayfiyat ulashdi. Tnatanali bayram tadbirlari hududiy ichki ishlar organlarida ham o‘tkazilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati