Namangan tumanida sodir etilgan avtohalokat yuzasidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Joriy yilning 2 aprel kuni soat 22.00larda Namangan shahar Davlatobod tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining boshqaruvida bo‘lgan neksiya -2 rusumli avtomashinasini Namangan tuman Past Qiyot MFY hududidan o‘tgan 4R-115 Avtomobil yo‘lining 6-kilometrida boshqarib ketayotib, harakat xavfsizligini taʼminlay olmay yo‘lni kesib o‘tayotgan 1957 yilda tug‘ilgan piyodani urib yuborgan. Hodisa oqibatida piyoda voqea joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan voqea sodir bo‘lgan hududda muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tuman hokimi, IIB boshlig‘i, YHXG xodimlari, mahalla faollari, profilaktika inspektorlari va aholi ishtirok etdi.
Yig‘ilishda sodir bo‘lgan avtohalokat va unga yetaklagan omillar haqida batafsil maʼlumot berilib, bu kabi holatlarni oldini olishda barcha birdek masʼulligi aytib o‘tildi.
Yo‘llarda tartibli harakatni taʼminlash, piyodalarning faqatgina belgilangan joylardangina yo‘lni kesib o‘tishlarini muntazam targ‘ib qilish, haydovchilarni tezlikni kamaytirib hushyorlik bilan avtomashina boshqarishlarini yo‘lga qo‘yishda YPX va profilaktika inspektorlari, mahalla faollari hamda jamoatchilik vakillari mustahkam hamkorlik o‘rnatishi muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.
Namangan viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati