24 Fevral 2024 yil 4036

Namangan davlat universitetida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbiri hamda sayyor sud majlisi o‘tkazildi

Dastlab ishtirokchilarga keyingi vaqtlarda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ko‘p uchrayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ularning oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi. Jumladan, yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan giyohvandlik, bezorilik, talonchilik, yo‘l-transport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar oshib borayotgani taʼkidlandi. Jinoyat sodir etib, bugungi kunda panjara ortida o‘tirgan yoshlarning ayanchi qismati haqida so‘z yuritildi. Achinarlisi, bugun ular qatoriga oliy o‘quv yurtida taʼlim olayotgan talabalar ham qo‘shilib qolayotgani afsus bilan tilga olindi. Bu kabi holatlarning oldini olish uchun har bir yigit-qiz puxta bilim egallab, belgilangan qonun qoidalarga amal qilishi, turli qing‘ir ishlarga qo‘l urmasligi lozimligi taʼkidlandi.

Shu kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining sayyor sud majlisi ham o‘tkazildi.

Sayyor sudda dastlab talonchilik, giyohvandlik vositalarini noqonuniy saqlash, o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ishlari ko‘rib chiqildi. Har bir ish bo‘yicha protsess ishtirokchilarining muzokaralari eshitilib, ish hujjatlari o‘rganildi. Yakunda sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, sud zalidan qamoqqa olindi.

Bundan tashqari, sayyor sud majlisda probatsiya guruhi hisobida turib sud tomonidan belgilangan majburiyatlarini o‘tayotgan shaxslarga oid taqdimnomalar ham ko‘rib chiqildi. Xatolaridan xulosa chiqargan, tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan, halol va foydali mehnat bilan shug‘ullanib, hayotini izga solishga urinayotgan 10 nafar shaxslar muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Aksincha, sud tomonidan belgilangan jazodan bo‘yin tovlab, majburiyat va tartiblarga rioya etmagan 2 nafar shaxslarning jazolari og‘irroq turdagi jazoga almashtirildi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech