Namangan shahar prokurorining shahar aholisiga murojaati
Aziz yurtdoshlar, shahrimiz mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz birdek guvoh ham bo‘lmoqdamiz.
Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.
Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.
Aziz Namangan shahar ahli!
“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.
Namangan shahridagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta taʼsir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.
Shahrimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.
Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.
Shu bois, shaharning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilayapti.
Qadrli yurtdoshlar!
Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.
2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, shahar prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Qaror ijrosi doirasida 2025 yil 8 oyi yakuniga ko‘ra shahardagi jami 59 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 3 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirilgan.
Barcha shahar va mahallalarning choraklik manzilli chora-tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.
“Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 1 012 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 360 daraja aylanuvchi 45 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 154 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 36 ta, jami bo‘lib 1 247 ga yaqin kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 436 dan ortiq domofonlar, uylarning kirish yo‘laklariga 102 dan ortiq tashvish tugmalari o‘rnatildi, 234 ta savdo muassasalari va qariyb 2 159 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.
Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 1500 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 45 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 108 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi.
Misol uchun, yil boshidan beri shaharda o‘rnatilgan kameralar yordamida qidiruvda bo‘lgan 7 nafar, jazodan bo‘yin tovlab kelayotgan probatsiya hisobidagi 3 nafar shaxslar hamda olib qochilgan 5 ta transport vositalari ushlandi. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan 13 nafar shaxslar topilib, 51 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.
Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.
Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, shahar mahallalarida sodir etilgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli taʼsir choralari qo‘llanildi.
Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 3-chorak uchun yo‘l xaritalarni ham ishlab chiqildi.
Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar ko‘proq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yo‘llarini ham o‘ylab topmoqdalar.
Keyingi vaqtlarda firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi.
Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.
Hurmatli fuqarolar!
Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.
Aziz hamyurtlar!
Jinoyatlarga qarshi kurashda hamkor tashkilotlar hamda jamoatchilik ko‘magida jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga kafolat beramiz.
Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.
Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga shaxsan kafolat beraman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
Namangan shahar prokurori Q.N.Axmadjanov
 
                     
                                    