17 Oktyabr 2025 yil 28

Namangan shahar prokurorining shahar aholisiga murojaati

Aziz yurtdoshlar, shahrimiz mehmonlari!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz birdek guvoh ham bo‘lmoqdamiz.

Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.

Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.

Aziz Namangan shahri ahli!

“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Namangan shahardagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta taʼsir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.

Shahrimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.

Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, shaharning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilayapti.

Qadrli yurtdoshlar!

Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.

2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, shahar prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qaror ijrosi doirasida 2025-yil 9 oyi yakuniga ko‘ra shahardagi jami 59 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 7 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirilgan.

Shahar va barcha mahallalarning choraklik manzilli chora-tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joy va ko‘chalarga 915 ta videokuzatuv kameralari, ko‘p qavatli uylarning hovlilariga 51 ta PTZ–kameralari, mahallalarning asosiy kirish–chiqish joylariga 214 ta yuzni va avtoraqam tanib oluvchi kameralar, savdo markazlar va bozorlarga yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi 37 ta kameralar, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarining kirish–chiqish joylariga 79 ta PTZ–kameralar, maktablardagi ochiq sport maydonlariga 31 ta PTZ– kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 373 ta domofon komplekslari o‘rnatildi.

Ko‘p qavatli hamda yakka tartibdagi xonadonlardan 2 159 tasi va savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlaridan 234 tasi Qo‘riqlash xizmatining texnik qo‘riqloviga olindi. Ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari oldiga 102 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi.

Mahallalarda 87 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha”lar va mahallalarda 220 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etildi.

Misol uchun, yil boshidan beri shaharda o‘rnatilgan kameralar yordamida qidiruvda bo‘lgan 7 nafar hamda olib qochilgan 4 ta transport vositalari ushlandi. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan 13 nafar shaxslar topilib, 55 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.

Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.

Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, shahar mahallalarida sodir etilgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli taʼsir choralari qo‘llanildi.

Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 3-chorak uchun yo‘l xaritalarni ham ishlab chiqildi.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar ko‘proq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yo‘llarini ham o‘ylab topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmog‘i ortishi anchagina tashkiliy choralar ko‘rishni taqozo etdi.

Bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga ko‘paydi.

Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim bo‘lmagan.
Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi   maʼlumotlarni sir saqlashni so‘rab qolamiz.

Aziz hamshaharlar!

Sodir etilgan jinoyatning tahlillar asosida oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 246 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 241 ta choralar ko‘rildi.

Bulardan tashqari, 9 282 nafar ishsizlardan 8813 nafari ishga joylashtirildi, 2 569 nafari kasbga o‘qitildi, 1 252 nafari esa kasbga yo‘naltirildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 14 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 6 nafarining bandligi taʼminlandi, 8 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan bolalarning 41 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 79 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.

Hurmatli fuqarolar!

Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Aziz hamyurtlar!

Jinoyatlarga qarshi kurashda hamkor tashkilotlar hamda jamoatchilik ko‘magida jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga kafolat beramiz.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Namangan shahar prokurori K.N.Axmadjanov

Text to speech