8 Iyul 2025 yil 215

Namangan shahar prokurorining shahar aholisiga murojaati

Aziz yurtdoshlar, shahrimiz mehmonlari!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz birdek guvoh ham bo‘lmoqdamiz.

Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.

Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.

Aziz Namangan shahri ahli!

“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Namangan shahardagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta taʼsir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.

Shahrimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.

Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, shaharning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilayapti.

Qadrli yurtdoshlar!

Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.

2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, shahar prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qaror ijrosi doirasida 2025-yil 6 oyi yakuniga ko‘ra shahardagi jami 62 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 12 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirilgan.

Barcha shahar va mahallalarning choraklik manzilli chora-tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 360 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 360 daraja aylanuvchi 21 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 60 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 11 ta, jami bo‘lib 452 ga yaqin kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 150 dan ortiq domofonlar, uylarning kirish yo‘laklariga 33 dan ortiq tashvish tugmalari o‘rnatildi, 106 ta savdo muassasalari va qariyb 734 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 642 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 24 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 60 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi.

Misol uchun, yil boshidan beri shaharda o‘rnatilgan kameralar yordamida qidiruvda bo‘lgan 4 nafar, jazodan bo‘yin tovlab kelayotgan probatsiya hisobidagi 3 nafar shaxslar hamda olib qochilgan 5 ta transport vositalari ushlandi. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan 10 nafar shaxslar topilib, 45 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.

Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.

Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, shahar mahallalarida sodir etilgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli taʼsir choralari qo‘llanildi.

Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 3-chorak uchun yo‘l xaritalarni ham ishlab chiqildi.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar ko‘proq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yo‘llarini ham o‘ylab topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmog‘i ortishi anchagina tashkiliy choralar ko‘rishni taqozo etdi.

Maʼlumot uchun, shahardagi jinoyatlarning 43,8 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etmoqda. Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davrida birgina plastik kartalardan pul mablag‘larini yechib olish holatlari yuzasidan 294 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 157 tasi yoki 53,4 foizi firibgarlik hamda 130 tasi yoki 44,2 foizi o‘g‘rilikni tashkil qilgan.

So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga ko‘paydi.

Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim bo‘lmagan. Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi   maʼlumotlarni sir saqlashni so‘rab qolamiz.

Aziz shahardoshlar!

Sodir etilgan jinoyatning tahlillar asosida oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 195 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 166 ta choralar ko‘rildi.

Bulardan tashqari, 9282 nafar ishsizlardan 5105 nafari ishga joylashtirildi, 619 nafari kasbga o‘qitildi, 719 nafari esa kasbga yo‘naltirildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 3 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 5 nafarining bandligi taʼminlandi, 6 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan bolalarning 22 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 28 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.

Hurmatli fuqarolar!

Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Aziz hamyurtlar!

Jinoyatlarga qarshi kurashda hamkor tashkilotlar hamda jamoatchilik ko‘magida jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga kafolat beramiz.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga shaxsan kafolat beraman.

Namangan shahar prokurori Q.Axmadjanov

Text to speech