6 Avgust 2025 yil 270

Namangan shahar prokurorining shahar aholisiga murojaati

Aziz yurtdoshlar, shahrimiz mehmonlari!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz birdek guvoh ham bo‘lmoqdamiz.

Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.

Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.

Aziz Namangan shahri ahli!

“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Namangan shahardagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta taʼsir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.

Shahrimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.

Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, shaharning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilayapti.

Qadrli yurtdoshlar!

Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.

2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu qarorlar asosida tashkil etilgan viloyat va tuman shtab va ishchi guruhlarlari tomonidan har bir sodir etilgan jinoyatning sabab va omillari chuqur tahlil qilinib, bu kabi salbiy holatlarni kelgusida oldini  olishga  qaratilgan  aniq  tadbirlar  amalga  oshirilmoqda.

Jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha hududlarning o‘ziga xos hususiyatlaridan kelib chiqib, ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita” larda  belgilangan  vazifalar  ijrosi  o‘z  samarasini bermoqda.

Xususan, joriy yil 7 oyida hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida qotillik 83 foizga, talonchilik 57 foizga, firibgarlik 22 foizga, yo‘l transport hodisasi 41 foizga kamayishiga  erishildi.

Taʼkidlash joizki, joriy yildan bu boradagi prokuror nazorati  keskin  kuchaytirildi.

BIRINCHIDAN, Qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida kriminogen vaziyati og‘ir 59 ta mahallalarga masʼul rahbarlar  nomma – nom  biriktirildi.

Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz jinoyatlarning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari o‘sha hududda  amaliy  tadbirlar  ham  o‘tkazib  kelishmoqda.

Biz endilikda muammoning tup negizigacha yetib borib, “mahalla  prokurori”  degan  yondashuv  bilan ishlayapmiz.

“Yo‘l xaritalari” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalarda 856 ga yaqin kameralar, 280 dan ortiq domofonlar,  60 dan  ortiq  tashvish  tugmalari  o‘rnatildi.

Bundan tashqari, 170 ta savdo muassasalari va qariyb 1 434 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olinib, fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi 650 ga yaqin stikerlar joylashtirildi.

67 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va 166 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etilib, ichki yo‘l va ko‘chalar 100  ta  yoritish  vositalari  bilan  taʼminlandi.

Natijada, 59 ta mahallarning 6 tasida (10,2 %) jinoyat sodir etilmadi (“yashil”), 42 tasida (72,2 %) esa kamayishiga  erishildi  (“sariq”).

IKKINCHIDAN, Qaror bilan 18 mart kunidan mahallalarda oldini olish mumkin bo‘lgan og‘ir va o‘ta og‘ir hamda oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni viloyat darajasida individual – tanqidiy muhokama qilib, qatʼiy nazorat va  so‘rov  tizimini  yo‘lga  qo‘ydik.

Mahallalarda sodir etilgan 318 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga 42 ta tegishli taʼsir choralar, shundan masʼul shaxslarning 17 nafariga hayfsan, 25 nafariga esa, tanbeh intizomiy jazo choralari qo‘llanilib,   6   nafari   lavozimidan   ozod   etildi.

Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etilishiga sababchi bo‘lgan mutasaddilarga nisbatan 1 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Hurmatli hamyurtlar!

Umuman, jinoyatchilikka qarshi kurash borasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar bilan bir qatorda, hali oldimizda ko‘plab kamchilik va muammolar mavjud.

Joriy yil 7 oy yakuni bo‘yicha jami sodir etilgan (866 ta) jinoyatlarning 318 tasi yoki 36,7 foizi oldini olish  mumkin  bo‘lgan  jinoyatlar  hisoblanadi.

Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan 264 tasi yoki eʼtibor bering, 30,5 foizi aynan mahallalarda oldini olish  mumkin  bo‘lganlarni  tashkil  etgan.

Aziz shahardoshlar!

Sodir etilgan jinoyatning tahlillar asosida oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 214 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 193 ta choralar ko‘rildi.

Bulardan tashqari, 9 282 nafar ishsizlardan 5 655 nafari ishga joylashtirildi, 2 569 nafari kasbga o‘qitildi, 1 252 nafari esa kasbga yo‘naltirildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 13 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 6 nafarining bandligi taʼminlandi, 7 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan bolalarning 37 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 92 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.

Hurmatli fuqarolar!

Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Aziz hamyurtlar!

Shunday ekan, aholi va keng jamoatchilikni shahrimizda jinoyatlarni keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka, jinoyatchilikka qarshi kurashishga, doimo ogoh bo‘lishga chaqiraman.

Namangan shahar prokurori Q.N.Axmadjanov

Text to speech