12 May 2025 yil 197

Namangan shahar prokurorining shahar aholisiga murojaati

Aziz  yurtdoshlar,  shahrimiz  mehmonlari!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalardagi islohotlar yangi bosqichga koʻtarildi, bunga barchamiz kundalik hayotimizda guvox boʻlmoqdamiz.

Bu jaryonda xalqimiz tinchlik va osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda preventiv choralarni amalga oshirish, jazo muqarrarligini taʼminlash muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Xokimlik, huquqni muxofaza qilish va va mutasaddi idoralar bilan birgalikda, shaharning har bir koʻchasida, mahallasida, bozorida, istirohat bogʻida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari koʻrilayapti.

Aziz hamshaharliklar !

Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan 1-sonli qarorlari asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha yangi mexanizm joriy etildi, shahar prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Qaror ijrosi doirasida shahardagi jami 62 ta mahallaning kriminogen vaziyati ogʻir 8 tasiga masʼul rahbarlar nomma — nom biriktirildi.

Choraklik manzilli chora — tadbirlar “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yoʻl xaritalari” ijrosi yuzasidan joriy yil oʻtgan davrida mahallalardagi aholi gavjum joylarga 200 ta, koʻp qavatli uylarning hovlisiga 3600 gradus aylanuvchi 15 ta, mahallalarning asosiy kirish — chiqish joylariga 50 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 10 ta, jami boʻlib 275 ga yaqin kameralar, uylarning kirish yoʻlaklariga 33 dan ortiq tashvish tugmalari oʻrnatildi, 64 ta savdo muassasalari va qariyb 700 ta xonadonlar tezkor qoʻriqlovga olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qoʻriqlovda!” hamda “Xonadon qoʻriqlovda!” kabi jami 912 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 35 ta “namunaviy xavfsiz koʻcha” hamda 99 ta “namunaviy xavfsiz yoʻlak” tashkil etildi, ichki yoʻllar va koʻchalar 110 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi. Albatta bu natija beryapti.

Misol uchun, yil boshidan beri viloyatda oʻrnatilgan kameralar yordamida qochuvda yurgan 40 nafar, shu jumladan jazodan boʻyin tovlab kelgan probatsiya hisobidagi 3 nafar jinoyatchilar ushlangan boʻlsa, 44 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 62 ta mahallalarning 2 tasida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.

Davlat rahbarining Qaroriga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha kunlik soʻrov va oʻrganishlarni yoʻlga qoʻydik.

Bunda, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarning jinoyat oʻchoqlari joyida oʻrganilmoqda, misol uchun, shahar mahallalarida sodir etilgan 64 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qoʻllanildi.

Endilikda, jinoyatlarning omil va sabablarini oʻrganishdan tashqari oʻsha hududda  amaliy  tadbirlarni ham  oʻtkazildi.

Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha dastlabki bajarilgan ishlar va tahlillarning natijalariga qaratsam.

Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.

Joriy yilning oʻtgan davrida 122 ta oʻrganishlar oʻtkazilib, 1.500 nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu ishlar muntazam davom etadi.

Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham, aholi ham koʻproq eʼtibor berishi lozim boʻlgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak boʻlgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat qaratmoqchiman.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar koʻproq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yoʻllarini ham oʻylab topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol boʻladi.

Firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.

Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmogʻi ortishi anchagina tashkiliy choralar koʻrishni taqozo etdi.

Maʼlumot uchun, shahardagi jinoyatlarning 43,3 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etmoqda.

Misol uchun, joriy yilning oʻtgan davrida birgina plastik kartalardan pul mablagʻlarini yechib olish holatlari yuzasidan 117 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 53 tasi yoki 45,3 foizi firibgarlik hamda 64 tasi yoki 54,7 foizi oʻgʻrilikni tashkil qilgan.

Soʻnggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga koʻpaydi.

Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni boʻlmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot boʻlishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni sir saqlashni soʻrab qolamiz.

Bundan tashqari, joriy yilning oʻtgan davrida shahar hududida 172 ta oldini olish mumkin boʻlgan shu jumladan, mahallada olidini olish mumkin boʻlgan 108 ta jinoyatlar sodir etilgan boʻlib, ushbu turdagi jinoyatlarni ortishiga asosan oʻgʻrilik (74 ta), tan jarohati yetkazish (10 ta) va bezorilik (14 ta) jinoyatlar sababchi boʻlgan.

Mazkur jinoyatlarni kelib chiqish sabab va sharoiti oʻrganilganida, mahalla maʼsullari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidayentining 03.01.2025-yildagi PQ-1-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 30.11.2024-yildagi “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 801-sonli qarorlari oʻz holiga tashlab qoʻilganligi oqibatida kelib chiqqanligi aniqlandi.

Birgina misol, 2025-yil 2-aprel kuni, fuqaroga tegishli Namangan shahar Obihayot MFY hududida joylashgan savdo rastasidan 4.765.400 soʻmlik 8 turdagi tamaki mahsulotlarini 27-maktabning 8-sinf oʻquvchisi, Turgʻunboyev oʻgʻirlamoqchi boʻlgan vaqtida ushlab olganligini maʼlum qilib, qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Jinoyat sabablari oʻrganilganida, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotining mansabdor shaxslari 1-sonli Qaror ijrosi boʻyicha “Yoʻl xarita” talablarini amalda bajarmasdan, koʻzboʻyamachilikka hisobot taqdim etish bilan cheklanib kelganliklari aniqlandi.

Turgʻunboyev bilan oʻz vaqtida profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, uni maktab ichki roʻyxatiga olinishi va inspektor psixolog yoki profilaktika inspektoriga maʼlum qilinmagan.

Oqibatda, yuqoridagi oʻgʻrilik jinoyatining kelib chiqishiga  zamin yaratib berilgan.

Shunga koʻra, yuqorida qayd etilgan qaror talablarini bajarmaganligi sababli mahalla maʼsullarining 16 nafari nisbatan intizomiy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, 12 ta qayd etilgan jinoyatlar boʻyicha qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnomalar yuborildi va 1 ta holatda jinoyat ishlari shaxslarga nisbatan.

Shunga “oʻz mulkimni oʻzim asrayman” degan har bir xnadon boʻladimi, tadbirkormi – asosiy shiori boʻlib qolishini soʻraymiz.

Aziz shahrimiz fuqarolari!

Shu oʻrinda, kriminogen vaziyatga taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, oʻtgan 4 oyi yakuniga koʻra, voyaga yetmaganlar (11-10), yoshlar (33-31), muqaddam sudlanganlar (10-9), ishsizlar (5-2) jinoyatini kamaytirishga erishgan boʻlsak-da, guruxlar (11-12), mast holda (2-3), ayollar (12-14) jinoyatlari ortgan.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzar-liklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab boʻlganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish boʻyicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, oʻtkazilgan oʻrganishlarda kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda 3.831 ta ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish boʻyicha 3.140 ta choralar koʻrildi.

Bulardan tashqari, 6.452 nafar ishsizlardan 3.760 nafari ishga joylashtirildi, 540 nafari kasbga oʻqitildi, 640 nafari esa, kasbga yoʻnaltirildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 2 nafari kasb-hunarga oʻqitildi, 12 nafarining bandligi taʼminlandi, 10 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora boʻlib, jinoyatlarning sabab va omillarini koʻzdan qochirsak oqibati yomon boʻladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va oʻqish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tigʻ va reyd) tadbirlarida uzoq muddatga ketgan 223 nafar bolalar, muntazam dars qoldiruvchi, tarbiyasi ogʻir 51 nafar oʻquvchilar aniqlanib, maktablarga qaytarildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda boquvchisini yoʻqotgan bolalarning 19 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 32 ta zamonaviy kameralar oʻrnatildi.

Hurmatli fuqarolar!

Jamiyatimizda korrupsiya illatiga qarshi murosasizlik bilan qarshi kurashni kuchaytirish choralari koʻrilmoqda.

Buning uchun, mutasaddi idoralarda korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shu sababli, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga barham berish yoʻlida qatʼiy murosasiz kayfiyatni shakllantirish, unga qarshi kurashishda oʻz hissangizni qoʻshishga chaqiraman.

Hurmatli fuqarolar !

Juda koʻp masalalarda ish uslublarimiz oʻzgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan,  jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab boʻlayotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Aziz hamyurtlar !

Jinoyatlarga qarshi kurashda prokuratura organlari, koʻmak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday koʻrinishiga chek qoʻyishga kafolat beradi.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka  chaqiramiz.

Zero, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etilishi va oldi olinishida xalqimizdan masʼuliyat, tashabbuskorlik hamda daxldorlik hissi bilan yondoshishni soʻrayman.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday koʻrinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qoʻl urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga kafolat beraman.

Barchamiz  jinoyatdan holi yangi Oʻzbekiston uchun birlashaylik !!!

Namangan shahar prokurori K.N.Axmadjanov

Text to speech