4 Noyabr 2023 yil 1709

Namangan shahar IIO FMB xodimlari tomonidan xotin-qizlar muammolari hal etilmoqda

Namangan shahar IIO FMB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari tomonidan ayollar orasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, ularning bandligini taʼminlash, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, eng asosiysi huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida joylarda targ‘ibot uchrashuvlari o‘tkazib kelinmoqda.

Navbatdagi ana shunday targ‘ibotlardan biri “Abu Ali Ibn Sino” nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida bo‘lib o‘tdi. Unda talabalarga so‘nggi paytlarda yoshlar orasida sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ularni keltirib chiqarayotgan omillar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, tazyiq yoki zo‘ravonlikdan jabr ko‘rayotgan xotin-qizlarga himoya orderi berilish tartib-qoidalari tushuntirildi.

Shundan so‘ng, Namangan shahar 3-sektor hududidagi “Iftixor” mahalla beshligi bilan hamkorlikda hududda joylashgan xonadonlardagi oilalarning turmush sharoiti o‘rganildi. Aholi bilan suhbat davomida ularning muammolari va murojaatlari tinglanib, huquqiy maslahatlar berildi.

O‘rganishlar davomida mazkur mahallada yashovchi 2 nafar farzandning onasi uchinchi farzandga homilador, 32 yoshli ayol turmush o‘rtog‘ining tazyiqlaridan aziyat chekib kelayotgani bois unga himoya orderi berildi va reabilitatsiya markaziga joylashtirildi.

Xotin qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar tomonidan viloyatning barcha hududlarida ayollarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularning doimiy bandligini taʼminlash, ularda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish borasidagi amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech