Muhokama yakunida murojaatlar tinglandi.
Joriy yilning 7 sentyabr' kuni soat 13:00 larda, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 2010 yilda O‘z.R JKning 97-moddasi 2-qismi bilan sudlangan, 1957 yilda tug‘ilgan A.D. yashash uyida spirtli ichimlik iste'mol qilib, mast holda bir xonadonda yashovchi kelini, 1990 yilda tug‘ilgan N.V. bilan oilaviy kelishmovchiliklar sababli o‘zaro janjallashib, uyida bo‘lgan osh pichog‘i yordamida yurak sohasiga va chap tomon qorin sohasiga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.
Ushbu holat bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan 2021 yil 7 sentyabr' kuni O‘z.R JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro A.D. O‘z.R JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Holat yuzasidan Namangan viloyati IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari polkovnik A.I.Ataxodjaev, viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari S.Q.Eshquvvatov hamda tuman mas'ullari va aholi ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda ushbu oilaning doimiy notinchligi va qotillik sodir etgan fuqaroning spirtli ichimlikka mukkasidan ketishi, bu holatga esa mahalla mas'ullari, qo‘ni-qo‘shnining loqayd qaragani mana shun ayanchli vaiyatni yuzaga kelishiga sabab bo‘lgani qattiq tanqid qilindi.
Muhokama davomida shu kabi holatlarni qayta sodir etilishini oldini olish maqsadida har bir oilaning yashash va turmush tarzi chuqur o‘rganilib, mavjud muammolarni hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha mas'ullarga topshiriqlar berildi.
Aholi bandligini ta'minlash nafaqat oilalar turmush sharoitini yaxshilaydi, balki bekorchilik sabab kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli huquqbuzarlik va jinoyatlarning ham oldini olishga xizmat qiladi. Polkovnik Ataxodjaev ayni shu masalani inobatga olgan holda ushbu hududda ham faqatgina muhokama o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, fuqarolarning murojaatlarini tingladi. Turli masalalardagi murojaatlarning ko‘piga ijobiy yechim topildi. Ayrimlarining ijrosi esa muddat talab etgani bois nazoratga olindi. Murojaatlar orasida imtiyozli kredit, ishga joylashish va sud-huquq masalalari asosiy qismni tashkil etdi. Sektor rahbari fuqarolarga hech bir ariza, shikoyat yoki murojaat javobsiz qoldirilmasligini, har biri imkon qadar ijobiy hal etilishini alohida ta'kidladi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati