5 Dekabr 2022 yil 965

Onlayn xaridlar bilan bogʻliq firibgarlik

Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida yashovchi 2003-y.t., Yu.M, viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib, telegram messenjeridagi “Loro Piano” nomli guruhdan kiyim sotib olmoqchi boʻlib guruh administratoriga murojaat qilganligi va uning bank kartasiga bir million soʻmga yaqin pulni oʻtkazib berganligini, pullarni qoʻlga kiritgan shaxs u bilan yozishmalarini oʻchirib, uning profilini bloklab, gʻoyib boʻlganligini bildirib, nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni soʻragan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, firibgarlik yoʻli bilan pullarni oʻzlashtirgan shaxs Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi 2005-y.t., K.R. ekanligi aniqlangan.

K.R. ushbu jinoyatni Andijon shahar hududidan sim-karta topib olib, ushbu raqamga telegram akkaunti ochib, “Loro Piano” guruhiga aʼzo boʻlganligi, shundan soʻng internet tarmogʻidan turli kiyimlar suratlarini olgan holda soxta eʼlon joylashtirib jabrlanuvchini ishonchiga kirib, sodir etganligi maʼlum boʻldi.

K.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

IIV Kiberxavfsizlik xizmati

Text to speech