5 Noyabr 2025 yil 66

Mingbuloq tuman IIB boshlig‘ining tuman aholisiga murojaati

Aziz yurtdoshlar, tumanimiz mehmonlari!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar  amalga  oshirilmoqda.

Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz birdek guvoh ham bo‘lmoqdamiz.

Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.

Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.

Aziz Mingbuloq tuman ahli!

“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Mingbuloq tumanidagi kriminogen vaziyat biznes muhitiga katta tasir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan xususiyatlari bor.

Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.

Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taminlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, tumanning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilayapti.

Qadrli yurtdoshlar!

Har-bir mahallada jinoyatchilikni  jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.

2025 yil 3-yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, mening rahbarligimda tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi kriminogen vaziyati og‘ir xamda qizil toifadagi 5 ta maxallalarga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirilgan.

Tumandagi barcha mahallalar hamda tumanning choraklik manzilli chora-tadbirlar “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

Jumladan; “Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 352 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 360 daraja aylanuvchi 9 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 101 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 17 ta, jami bo‘lib 479 ta kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 109 dan ortiq domofonlar, uylarning kirish yo‘laklariga 21 dan ortiq tashvish tugmalari o‘rnatildi, 108 ta savdo muassasalari va qariyb    594 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 500 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 82 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 180 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 365 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi.

Misol uchun, yil boshidan beri tumanda o‘rnatilgan kameralar yordamida qidiruvda bo‘lgan 3 nafar, jazodan bo‘yin tovlab kelayotgan probatsiya hisobidagi 5 nafar shaxslar hamda 134 ta xuquqbuzarlik xolatlari aniqlandi.

Shuningdek, bedarak yo‘qolgan 2 nafar shaxslar topilib, 16 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 3 ta mahallalarning 2 tasida kriminogen vaziyati saqlanmoqda.

Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.

Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 18 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qo‘llanildi.

Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda,  yo‘l xaritalari ham ishlab chiqildi.

Tumanda jinoyatchilikni oldini olish, korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibini joriy etdik.

Bu borada viloyat prokurori farmoyishi qabul qilib, barcha tezkor xodimlar 38 ta mahallalarga nomma-nom biriktirildi.

Har bir sohaga doir targ‘ibot ishlari bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib, tarqatildi.

Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz jinoyatlarning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari o‘sha hududda amaliy tadbirlarni ham o‘tkazadi.

Biz endilikda muammoning tub negizigacha yetib borib, “mahalla  prokurori”  degan yondashuv bilan ishlaymiz.

Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha dastlabki bajarilgan ishlar va tahlillarning natijalariga qaratsam.

Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.

Jumladan;

2025 yil  10 oy davomida Mingbuloq tumanida jami 152 ta jinoyatlar qayd etilgan bo‘lsa ushbu ko‘rsatkich o‘tgan 2024 yilning shu davriga nisbatan 1.9 foiz yoki 3 ta kamaygan.

Albatta bu yaxshi natija emas jinoyatlarni jilovlash bo‘yicha jinoyat o‘choqlarini aniqlab manzilli profilaktik ishlarni yana-da kuchaytirishimiz lozim bo‘ladi. 

Sodir etilgan jinoyatlarni turlari bo‘yicha tahlil qilinganda oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyat turlaridan:

-qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish 100 foizga (0/2);

-talonchilik 100 foizga (0/1);

-o‘g‘rilik  3,7 foizga (27/28) oshib ketishiga yo‘l qo‘yilgan.

Tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar asosan fuqarolarimiz o‘rtasidagi qarz oldi-berdisi, er-xotin o‘rtasidagi oilaviy nizolar, rashk hamda qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar orqali kelib chiqayotganligini inobatga olib shuningdek, o‘g‘irlik jinoyatlarining kelib chiqishida fuqarolarimizning o‘z mol-mulklari va xonadonlarini ochiq xolatda qoldirishlari hamda chorva hayvonlarini dala maydonlarida qarovsiz qoldirishlari oqibatida bu kabi jinoyatlarni sodir etilishga imkon yaratib berilmoqda.

Ushbu yo‘nalishlardagi jinoyatlarni oldini olish uchun keng jamoatchilikning yaʼni Siz Azizlarning ko‘magingiz bizga zarur bo‘ladi.  

Keyingi vaqtlarda haydovchilarimiz tomonidan yo‘llarda yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik xolatlari ko‘payib ketayotganligi sababli joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida yo‘l transport xodisalari 24 tani tashkil etib shundan o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari 7 ta xolatda qayd etildi.

Bu juda achinarli albatta, shundan kelib chiqib har-bir oilada ota-onalar tomonidan farzandlarining transport vositalarini boshqarish vaqtida tezlikni oshirmaslik, piyodalar hamda boshqa transport vositalarini hurmat qilgan xolda xaydovchilik madaniyatiga amal qilish yuzasidan o‘gitlar berish, uyda ota-onasi, oilasi, farzandlari kutayotganligini doimiy ravishda uqdirib borish  orqali bu kabi ayanchli holatlarni oldini olish bo‘yicha katta yordam beradi deb xisoblayman.

Shuningdek, internet tarmog‘i katta tezlik rivojlanib borayotgan jamiyatimizda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlar salmog‘i juda ortib bormoqda.

Niyati sovuq g‘araz maqsaddagi ayrim kimlar halqimizning soddaligidan foydalanib  plastik kartalardan pul o‘g‘irlash xolatlari ko‘payib bormoqda. So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha barobarga ko‘paydi. Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim bo‘lmagan.

Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi   maʼlumotlarni sir saqlashni so‘rab qolamiz.

Aziz tumandoshlar!

Shu o‘rinda, kriminogen vaziyatga taʼsir ko‘rsatuvchi oila-turmush darajasidagi jinoyatlar sabablari va ularning oldini olish borasidagi ishlar haqida ham gapirmoqchiman.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Mazkur muammolarni qayd etish va bartaraf etish etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni kiritib borish maqsadida “E-Ijtimoiy profilaktika” elektron tizimi joriy etilib ishga tushirildi.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 10 oy davomida 1983 ta ijtimoiy muammolari bo‘lgan ko‘makka muhtoj fuqarolarimiz aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha mahalla yettiligi, tuman xokimligi va mutasaddi korxona va tashkilotlar tomonidan 1129 ta choralar ko‘rildi, qolgan masalalar bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.  

Bulardan tashqari, 21768 nafar ishlardan 19274 nafar ishsizlarning bandligi taʼminlandi, 645 nafari kasbga o‘qitildi, 157 nafari esa kasbga yo‘naltirildi.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan bolalarning 68 ta muammosi hal qilindi.

Hurmatli fuqarolar!

Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Aziz hamyurtlar!

Jinoyatlarga qarshi kurashda Ichki ishlar organlari, doimo Siz Azizlarga ko‘mak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga kafolat beradi.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka chaqiramiz.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga shaxsan kafolat beraman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Mingbuloq tuman IIB boshlig‘i B.Z.Shukurov

Text to speech