2 Sentyabr 2021 yil 740

"Meni 700 ming dollarga "uxlatishdi". Firibgarlarga chora ko‘rilmayapti - Uchqo‘rg‘onlik fermer" izohi bilan tarqalgan videoxabar yuzasidan Namangan viloyat IIBning rasmiy munosabati.

2019 yil 11 iyun' kuni Namangan viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan S.A.ning, Sh.I. va boshqalarni xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan arizasi yuzasidan to‘plangan tergovga qadar tekshiruv hujjatlariga asosan Sh.I. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, fuqaro M.I. akasi G‘.I., Sh.I. va boshqalar firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini qo‘lga kiritish maqsadida oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, fuqaro S.A.ni aldab, unga Rossiya Federatsiyasidan naslli qora mol olib kelib sotish bilan shug‘ullanishlarini, unga ham arzon narxda qora mollarni olib kelib berishlarini aytib, ishonchiga kirishib, 2018 yilning sentyabr'-oktyabr' oylarida 135.000 AQSh dollari naqd pul shaklida, 538.450 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini Sh.I.ni Rossiya Federatsiyasidagi hisob raqamiga bank orqali o‘tkazish yo‘li bilan qo‘lga kiritishib, S.A.ga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan naslli qora mollarni yetkazmay, pullarini shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganlar.

Sh.I. va fuqaro S.A. o‘rtalarida tuzilgan shartnomani bajarmaganidan so‘ng, S.A. uning harakatlaridan norozi bo‘lib, 2019 yil Uchqo‘rg‘on tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Uning murojaati tegishli tartibda Uchqo‘rg‘on tuman IIB navbatchilik qismining kitobiga ro‘yxatga olinib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari Uchqo‘rg‘on tumani IIB JQB tomonidan olib borilgan.

Mazkur holat bo‘yicha 2019 yil 11 iyun' kuni aka-ukalar Sh.I., M.I. va G‘.I.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi 2019 yil 15 iyul' kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan ish yurituviga olinib, tergov harakatlari tergov guruhi tomonidan olib borilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilinishi lozim bo‘lgan G‘.I.ga nisbatan 2019 yilda 24 iyul' kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb e'lon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

2019 yil 13 avgust kuni M.I. va Sh.I.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan sirtdan ayb e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan va ularga nisbatan qidiruv e'lon qilingan.

Dastlabki tergov davomida G‘.I. tomonidan aslida S.A.ga yuborilishi lozim bo‘lgan jami 97 bosh qora mollar fuqaro B.R.ga jo‘natilganligi aniqlangan va ushbu mollar S.A.ga qaytarilgan.
2019 yilda 22 oktyabr' kuni G‘.I.ga nisbatan bo‘lgan qismi JPKning 381-moddasi talablari asosida ayblov xulosasi bilan tamomlanib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi orqali tegishli sudlovga yuborilgan va sud tomonidan G‘.I.ga nisbatan tegishli jazo qo‘llanilgan.

Jinoyat ishining qidiruvda bo‘lgan M.I., Sh.I. hamda fermer xo‘jaligi rahbari B.R va bank mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan qismi O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan alohida ish yurituviga ajratilgan hamda tergov va tezkor-qidiruv harakatlari olib borish uchun Namangan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha fermer xo‘jaligi rahbari B.R. O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, 2021 yil 30 avgust kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha hozirda Namangan viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, S.A.ni ijtimoiy tarmoqlarda keltirgan holatlari yuzasidan to‘liq tergov va tezkor-qidiruv harakatlari olib borilib qonuniy baho beriladi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech