Mardlarning jasorati aslo unutilmaydi.
Vatan va xalq farovonligi, tinchligi yo‘lida jonini fido etganlar avlodlar yodidan aslo so‘nmaydi. 9 may xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Namangan viloyati IIB binosida o‘tkazilgan bayram dasturida ham tizimda mexnat qilib xizmat vaqtida mardlarcha halok bo‘lgan xodimlar xotirasi yodga olindi.
Marhumlarning oila a'zolari, farzandlari ichki ishlar organalari xodimlari va faxriylar ishtirokida bo‘lib o‘tgan bayram dasturida dastlab O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi kuylandi. Marhum xodimlar ruhiga xurmat bajo keltirish maqsadida bir daqiqalik sukutdan so‘ng boshqarma boshlig‘i so‘zga chiqib, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi janglarda qatnashib jasorat ko‘rsatganlar va urush orti mehnat faxriylari, shuningdek, xalq tinchligini o‘z xayotidan ustun qo‘yib, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning jasoratlari haqida gapirib ularning yaqinlariga tashriflari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Boshqarma xodimlari va IIV Namangan akademik liseyi o‘quvchilarining tantanali yurishlari bayramga yig‘ilganlarning barchasida faxr va g‘urur tuyg‘usini yanada jonlantirdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tadbir davomida Namangan viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.I.Ataxodjaev marhumlarning oila a'zolari bilan samimiy suhbat qurib ularga boshqarmaning esdalik sovg‘alarini topshirdi. Shundan so‘ng motamsaro ona xaykali poyiga va halok bo‘lgan xodimlarning nomlari bitilgan xotira maydoniga gullar qo‘yildi.
Tadbir yakunida yosh yigit qizlar tomonidan ijro etilgan kuy qo‘shiq va go‘zal raqslar barchaga yuqori kayfiyat bag‘ishlagan bo‘lsa sportchi bolalar va boshqarma tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlari tomonidan tayyorlangan jangovar chiqish yig‘ilganlarning diqqatini tortmay qolmadi.
Tantanali bayram nixoyasiga yetgach boshqarma boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari shahar va tuman IIB bo‘lim boshliqlari tomonidan uzoq yillar sohada mehnat qilib istefoga chiqqan nuroniylar, urush faxriylari va front ortida mehnat qilganlarning xonadonlariga borilib ular holidan xabar olindi.
Tinchlik buyuk ne'mat tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Mana shunday farovon kunlarimiz uchun jon fido etganlarning jasoratlarini esa aslo unutib bo‘lmaydi.
Zero shoir ataganidek,
Xotira bor ekan,
Tirikdir millat,
Tirikdir iftixor,
Tirikdir g‘urur.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati