7 Aprel 2023 yil 515

Maqsad fuqarolarga qulaylik yaratish.

Aholini ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos etish, ularga qulaylik yaratish maqsadida Namangan viloyati IIB JXX YHXB Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlari soni yana ikkitaga ko‘paytirildi.

Avvallari viloyat aholisi haydovchilik guvohnomasini yoki avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarni olish uchun Namangan shahar, Uychi va Pop tumanlarida joylashgan RO‘ va IO bo‘limlariga murojaat qilishar edi. Bu albatta uzoq masofada yashovchi fuqarolarga birmuncha qiyinchilik tug‘dirgan. Bugun Yangiqo‘rg‘on hamda To‘raqo‘rg‘on tumanlarida tashkil etilgan bo‘limlar nafaqat ushbu hududlar aholisi balki, qo‘shni tumanlarda yashovchi aholi uchun ham qulay imkoniyatlar yaratdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari hamda YHXB boshlig‘i tomonidan ushbu bo‘limlarning faoliyati o‘rganilib, bu yerda xizmat olib boruvchi xodimlarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Taʼkidlash joizki, yangi qad rostlagan binolarda fuqarolarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar mavjud. Kutish zallarida yo‘l harakati qoidalari va ushbu yo‘nalishdagi so‘nggi voqealardan xabardor qilib boruvchi media burchagi ham tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda fuqarolar gazeta va jurnal o‘qishlari yoki sohaga doir yangiliklarni tomosha qilishlari mumkin.

Qisqa qilib aytganda, ushbu harakatlarning barchasi tizimda inson qadri tamoyili asosida ish tashkil etilayotganidan dalolatdir.

Namangan viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati

Text to speech