Korupsiyaga qarshi kurashish agentligi Namanganda IIO faoliyatini o‘rganmoqda.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 12 fevral' kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsion omillarni o‘rganish topshirig‘i berilgan edi.
Andijon viloyatidan boshlangan o‘rganish ishlari endilikda Namangan viloyatida davom etmoqda.
Dastlab korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va IIV O‘z xavfsizlik boshqarmasi Namangan viloyat bo‘yicha bo‘limi tomonidan viloyat IIB majlislar zalida boshqarma va uning hududiy bo‘limlari hamda sohaviy xizmatlarining rahbar, xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda agentlik rahbari tomonidan xodim va fuqaro o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlarga yetaklovchi omillar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Shuningdek, mavjud to‘siq va kamchiliklarni aniqlash maqsadida fuqarolar bilan doimiy muloqotda bo‘luvchi xodimlar orasida tekshiruv ishlari o‘tkazilishi haqida alohida ta'kidlandi.
Ayni paytda agentlik tomonidan xodimlar faoliyati tekshirilmoqda. Buning davomida hudud aholisining ham fikr va takliflari o‘rganilishi rejalashtirilgan.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati