11 Avgust 2021 yil 745

Jinoyatning muhokamasi so‘ngida 3-sektor rahbari tomonidan aholining murojaatlari tinglandi.

Joriy yilning 5 avgust kuni Chust tumanida 150 000 so‘m pul sabab ikki og‘ayni o‘rtasida yuzaga kelgan tortishuv, pichobozlikka aylanib ketdi. Uning oqibatida esa janjal ishtirokchilaridan biri pichoqdan og‘ir jarohat olib vafot etdi. Ushbu holat yuzasidan Namangan viloyati IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari polkovnik A.I.Ataxodjaev tuman mas'ullari va aholisi bilan muhokama yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda sektor rahbari 20 va 23 yoshli yigitlarning kun bo‘yi nima bilan bandligi, kelajagi, taqdiri bilan na ota-ona, na mahalla mas'ullari jiddiy shug‘ullanmagani bugungi holatning yuzaga kelishiga bosh omillardan biri ekanligini ta'kidladi.

Yoshlar orasida kitobga emas, internetdagi turli tarmoqlarga bo‘lgan qiziqishning kuchliligi ularni hayotga yengil qarashga o‘rgatib qo‘yayotgani, arzimas janjal bugun bir navqiron yigitni hayotdan, ikkinchisini esa ozodlikdan ayirgani haqida kuyunib gapirildi.

Muhokama so‘ngida polkovnik A.I.Ataxodjaev tuman aholisining murojaatlarini ham tingladi.

Turli tashvish va muammoli masala bilan kelgan fuqarolarning barchasi bilan muloqot qilib, ularga huquqiy, moddiy va ijtimoiy ko‘mak berish uchun mas'ullarni biriktirdi.

Murojaatlar orasida imtiyozli kredit, ishga joylashish va sud-huquq masalalari asosiy qismni tashkil etdi. Sektor rahbari fuqarolarga hech bir ariza, shikoyat yoki murojaat javobsiz qoldirilmasligini, har biri imkon qadar ijobiy hal etilishini alohida ta'kidladi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech