Jinoyat yuzasidan o‘tkazilgan muhokamada fuqarolarning murojaatlari ham tinglandi.
Joriy yil 6 sentyabr' kuni soat 08:30 larda, To‘raqo‘rg‘on tumanida yashagan, 1992 yilda tug‘ilgan B.A. shu tumanda yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan J.A. bilan o‘zaro tortishib ketishgan va B.A. J.A.ni urib, unga tan jarohati yetkazgan.
Voqea joyiga J.A.ning 31 yoshli akasi kelib, B.A.ning ko‘krak va yelka sohasiga o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan ikki marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.
RSTEIAM To‘raqo‘rg‘on filialining dastlabki ma'lumotnomasida, B.A.ning o‘limi tashqi va ichki qon ketishi, o‘tkir qon-tomir hamda nafas yetishmovchiligi sababli kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.
Ushbu holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan 2021 yil 6 sentyabr' kuni O‘z.R JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qotillikni sodir etgan shaxs O‘z.R JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Holat yuzasidan Namangan viloyati IIB boshlig‘i, 3 sektor rahbari polkovnik A. I. Ataxodjaev tuman aholisi va mas'ullar ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda yuzaga kelgan holat tahlil qilinib, hodisaning kelib chiqishiga arzimas kelishmovchilik va tushunmovchilik sabab bo‘lgani achinarli holatligi ta'kidlandi.
So‘nggi paytlarda bu kabi jinoyatlar obdon o‘rganilganda barchasi muqim ish o‘rniga ega bo‘lmagan, notinch oilada yashayotgan fuqarolar tomonidan sodir etilayotgani kuyunib gapirildi va bu borada mas'ullar ogohlikka chaqirildi.
Muhokama so‘ngida tuman aholisini qiynab kelayotgan ko‘plab murojaat va muammoli masalalar ham 3 sektor rahbari tomonidan joyida o‘rganilib, ijrosi nazoratga olindi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati