Jinoyat ishi tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Namanganda yangi mafiya paydo bo‘ldimi? Sudya, prokuror, IIB, hammasini reshat qilarkan” izohi bilan tarqalgan videoxabar yuzasidan Namangan viloyati IIBning rasmiy munosabati.
Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi A. J. 2020 yil 26 iyun' kuni Uchqo‘rg‘on tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi oldida turmush o‘rtog‘i D. J.ni tanishi S. T. bilan birga turganligini ko‘rib, rashk qilgan va uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, S. T.ga tan jaroxati yetkazgan.
RSTEIAM Namangan viloyati filiali Uchqo‘rg‘on tumanlararo ekspertining 04.07.2020 yildagi xulosasida S. T.da chap ko‘krak qafasi, chap oyoq kaft usti sohasi shilinmasi ko‘rinishida bo‘lib, jarohat qarorda ko‘rsatilgan vaqt va voqelikka to‘g‘ri kelishi mumkinligi, og‘irlik darajasiga ko‘ra sog‘lig‘ini buzilishiga sababchi bo‘lmagan yengil tan jarohati ekanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Uychi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, joriy yil 27 mart kuni A.J.ga nisbatan JKning 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
03.05.2021 yilda D.J.ga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Mutaxassislarning xulosasida D.J.da burun suyagi o‘rta 1/3 qismining yopiq eski sinig‘i aniqlanganligi, ushbu jarohati bo‘yicha o‘z vaqtida tibbiy yordamga uchramaganligi sababli muddatini aniqlashning imkoni yo‘qligi, og‘irlik darajasiga ko‘ra sog‘lig‘ini buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati ekanligi ko‘rsatilgan.
28 iyun' kuni A.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ayb e'lon qilinib, unga nisbatan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Uychi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan 29 iyun' sanasida jinoyat ishi JPKning 381-moddasi tartibida ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlov organiga yuborish masalasini hal etishlik uchun tuman prokuroriga yuborilgan va hozirda ushbu ish jinoyat ishlari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, fuqaro A.J. tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar haqida aytgan gaplari asossiz ekanligini va huquq-tartibot idoralariga hech qanday bosim bo‘lmaganligini ma'lum qilamiz.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati