15 Fevral 2021 yil 606

Insholar tanlovida IIB xodimi birinchi o‘rinni egalladi.

Namangan viloyatida yosh harbiy xizmatchilarning ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirish, beshta muhim tashabbus ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning 13-fevral' kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati Kengashi tashabbusi bilan viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi hamkorligida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari yosh harbiy xizmatchilari o‘rtasida “Bobur-umumarmiya yoshlar nigohida” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Bojxona boshqarmasi, harbiy qismlardagi yosh harbiy xizmatchi va xodimlar ishtirok etdi.

Tadbirda dastlab Ichki ishlar vazirligiga qarashli Namangan akademik liseyi o‘quvchilari tomonidan Bobur qalamiga mansub g‘azal va ruboiylar ijro etildi. Shuningdek, viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining “Yangi O‘zbekiston” ansambl jamoasi ijrosida turli kuy-qo‘shiqlar yangrab, yig‘ilganlarga yaxshi kayfiyat ulashdi.
Insholar tanlovi ishtirokchilarining ijodiy ishlari Namangan davlat universiteti katta o‘qituvchilaridan iborat hakamlar hay'ati tomonidan baholandi.

Tanlov yakuniga ko‘ra 1-o‘rinni Chust tumani Ichki ishlar bo‘limi voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, 2-o‘rinni Ichki ishlar vazirligiga qarashli harbiy qism xizmatchisi, 3-o‘rinni esa Namangan viloyati bojxona boshqarmasi bojxona xizmati leytenanti egalladilar. G‘oliblar va ishtirokchilar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

 

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech