Ijtimoiy tarmoqlarda “Namanganda IIB va YHXB boshliqlarining xizmat avtomobillarida to‘lanmayotgan jarimalar borligi ma'lum bo‘ldi” izohi bilan tarqalgan xabar yuzasidan Namangan viloyati IIB Axborot xizmatining rasmiy munosabati.
Davlat raqam belgisi 50 511 VSF bo‘lgan “Nexia-3” rusumli avtomashinada aniqlangan 11ta qoidabuzarlikning 9 tasida xizmat zaruratidan kelib chiqib tezlik oshirilgani sababli haydovchi jarimadan ozod etilgan. 2ta holat bo‘yicha jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarning ijrosi ta'minlanmoqda.
Viloyat IIB YHXB boshlig‘i Ergash Haydarovning xizmat avtomobili, 50 700 VSF (hozirda 50 070 VSF) bo‘lgan “Lacetti” dagi 5ta, viloyat IIB YHXB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mirqodir Muhamedovning xizmat avtomobili, 50 702 VSF bo‘lgan “Tracker”dagi 2ta holatlarning barchasida xizmat jarayonida oxirgi zaruriyat yuzasidan tezlik oshirilgan.
Shuningdek, viloyat IIB YHXB Axborot guruhining 50 701 VSF “Captiva” rusumli xizmat avtomashinasida sodir etilgan 3ta, hamda YHXB 3-tumanlararo YPXO komandiri Zohid Tursunov boshqaruvidagi 50 200 VSF “Lacetti” rusumli avtomashina ishtirokidagi 2 ta qoidabuzarliklarga ham xizmat mobaynidagi oxirgi zaruriyat yuzasidan yo‘l qo‘yilgani va jarimadan ozod etilganini ma'lum qilamiz.
Davlat raqam belgisi 50 710 VSF bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashinadagi 15ta qoidabuzarliklarning 13 tasi xizmat jarayonida oxirgi majburiyat tufayli sodir etilgan. 2ta holat esa xizmatdan tashqari vaqtda sodir etilgani bois jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ijrosi ta'minlangan.
Davlat raqam belgisi 50 707 VSF va 50 777 VSF bo‘lgan “Malibu-2” rusumli avtomashinalarda aniqlangan qoidabuzarliklar ham xizmat vazifasini bajarish jarayonida yuzaga kelgan.
Davlat raqami 50 717 OAA bo‘lgan “Lacetti” avtomobili bilan bog‘liq qoidabuzarlik yuzasidan qarzdorlik to‘liq undirildi.
Jarima solish to‘g‘risidagi qarorda tasvirlangan suratlarga ahamiyat qaratgan bo‘lsangiz, xizmat avtomashinalarining barchasida maxsus mayoqchalar yoqilgan. Ma'lumki, tezkor va maxsus xizmatlarning avtotransportlari xizmat majburiyati tufayli, oxirgi zarurat sifatida qoidalarga rioya qilmasliklariga yo‘l qo‘yiladi.
Yana shuni ham ma'lum qilamizki, yuqorida qayd etilgan qoidabuzarliklar keltirib chiqargan zarar oldini olingan zarardan kamroq.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati