Ijtimoiy tarmoqlarda "Hibsxonadan shifoxonaga olib kelingan yigit ko‘p o‘tmay vafot etdi..." izohi bilan tarqalgan axborot yuzasidan Namangan viloyat IIBning rasmiy munosabati.
Lavhada nomi tilga olingan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining 2020 yil 8 oktyabr' kungi ajrimiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 2-qismning “a,b,v” bandi bilan ayblanib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va Namangan viloyati IIB 6-son tergov hibsxonasida saqlangan.
Hibsxonada fuqaro qorin va kindik sohalarida vaqti-vaqti bilan og‘riqlar qaytarilayotgani haqida shikoyat qilgan. Shundan so‘ng shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida ushbu fuqaroda “O‘tkir leykoz” (oqqon kasalligi) tashxisi qo‘yilgan va Namangan viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasi reanimasiya bo‘limiga davolash uchun joylashtirilgan. Barcha kerakli dori-darmonlarni shu kunning o‘zida Namangan viloyati IIB 6-son tergov hibsxonasi DPYoK bo‘limi dorixonasi zaxirasidan yetkazib berilgan.
Biroq muolajalarga qaramay, 29 noyabr' kuni soat 08:00da fuqaro “O‘tkir leykoz, anemiya og‘ir darajasi, gemik gipoksiya” tashxisi bilan vafot etgan.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati