24 Aprel 2021 yil 2459

Ijtimoiy tarmoqlarda “30 ga yaqin erkak ona-bolani ayovsiz kaltakladi” izohi bilan tarqalgan videotasvirlar yuzasidan Namangan viloyati IIBning rasmiy munosabati.

Joriy yilning 11 mart kuni Toshkent viloyati, Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro O.M. Namangan viloyati, Uychi tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 10 mart kuni soat 13:30 larda, Uychi tuman, “Mashad” MFYda yashovchi “A” ismli fuqaro tomonidan daraxt ko‘chatlarini olib tashlaganligi sababli u bilan gaplashib olish maqsadida, “A”ning yashash xonadoniga borgani, u yerda “A” hamda boshqa shaxslar o‘zini, onasi va jiyanini urib tan jarohati yetkazganligini ma'lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Fuqaroning arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borish Uychi tuman IIB boshlig‘i tomonidan, Uychi tuman IIB TP profilaktika inspektoriga yuklatilgan.

Tekshiruv davomida, O.M.ning murojatida ko‘rsatilgan “A” ismli shaxs 10 mart kuni yashash xonadonida exson qilganligi, shu kuni soat 13:30 larda uning yashash xonadoniga o‘ziga notanish bo‘lgan bir nafar ayol va 2 nafar erkak kelib, u tomonidan Namangan shahar, Chortoq yo‘lida barpo etilgan kichik avtomashina turar joyi o‘rnida bo‘lgan ko‘chatlarni olib tashlanganligi yuzasidan janjal kelib chiqqanligi, janjal vaqtida “A”ning akasi va jiyani ular bilan urishib ketganligi, shundan so‘ng ushbu xonadonga ehsonga kelgan shaxslar ularni tinchlantirib, ajratishganligi aniqlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida fuqarolar O.M. uning onasi va jiyaniga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

RSTEIAM Namangan viloyat filialining xulosasida O.M. va uning jiyanida sog‘likning buzilishiga sababchi bo‘lmagan yengil tan jarohati  mavjudligi, onasida esa tan jarohatlari aniqlanmaganligi ko‘rsatilgan.

Tergovga qadar tekshiruv yakuni yuzasidan 8 aprel' kuni JPKning 83-moddasi 2-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilib, “A”ning akasi harakatlarida MJtKning 41-moddasi, 52-moddasi 2-qismi, 612-moddasida ko‘rsatilgan, “A”ning jiyani va fuqaro O.M.ning  harakatlarida MJtKning 41-moddasi, 52-moddasi 2-qismida, shuningdek O.M.ning onasi hamda jiyanida MJtKning 41-moddasida ko‘rsatilgan ma'muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli to‘plangan hujjatlar ularga nisbatan ma'muriy chora ko‘rish uchun 13.04.2021 yilda Uychi tuman sudiga taqdim etilgan.

Biroq, fuqarolar O.M. hamda uning onasi va jiyani ularga nisbatan tuzilgan ma'muriy bayonnomalarga imzo chekmaganliklari va sudga kelmaganliklari uchun sud ishni ko‘rmasdan, qaytarib yuborganligi aniqlangan. Ayni paytda fuqarolarni sudga keltirish choralari ko‘rilmoqda.     

 

Namangan viloyat IIB Axborot xizmati

Text to speech