17 May 2025 yil 107

IIV rahbariyati boshchiligida ishchi guruh tomonidan Namangan viloyatida jinoyatchilik va yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari tashkil etildi

Joriy yilning 15-may kuni Prezidentimiz tomonidan oʻtkazilgan kengaytirilgan selektor yigʻilishida hududlarda ayniqsa, Namangan viloyatida voyaga yetmaganlarning haydovchilik huquqiga ega boʻlmay turib transport vositasini boshqarish holatlari koʻpayganligi, mazkur huquqbuzarliklarga chek qoʻyish maqsadida Ichki ishlar organlari, Prokuratura va boshqa mutasaddi tashkilotlarning masʼuliyatini yanada oshirish lozimligi aytilib, bajarilgan ishlar tanqid ostiga olingan edi.

 

Shu munosabat bilan 16-may kuni viloyat hududida sodir etilishi mumkin boʻlgan yoʻl-transport hodisalari bilan bogʻliq salbiy holatlarni oldini olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarga xizmat oldi yoʻriqnomasi oʻtkazilib, unda xodimlarga tungi vaqtda fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash, roʻy berishi mumkin boʻlgan hodisalarning barvaqt oldini olish, qoʻpol turdagi qoidabuzilishlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish lozimligi uqtirildi. Eng avvalo, xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish kerakligi aytildi.

 

Shuningdek, voyaga yetmaganlarning transport vositasini boshqarish holatlari aniqlangan taqdirda, ushbu holatga yoʻl qoʻygan ota-onalari va boshqa shaxslarga nisbatan ham jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi yuklatildi.

 

Shundan soʻng, tungi xizmatga kirishgan xodimlar viloyat boʻylab hududlarga taqsimlanib, xizmatga yoʻnaltirildi.


Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech