9 Fevral 2021 yil 617

IIV Namangan akademik liseyida Navoiyxonlik va Boburxonlik kechasi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda yosh avlodni ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Yoshlarning bu boradagi bilimini boyitish va rag‘batlantirish maqsadida ko‘rik-tanlovlar, ma'naviy-ma'rifiy kechalar o‘tkazilmoqda, xususan, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosini keng va atroflicha o‘rganish, ularning asarlarida ulug‘langan g‘oyalar mazmunini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongiga yetkazish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta'lim muassasalari va barcha tashkilotlarda buyuk bobokalonlarimiz ijodiy merosiga bag‘ishlangan adabiy kechalar, ma'naviyat soatlari, ma'rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Yozuvchi va shoirlar, ma'naviyat va adabiyot fidoiylari ishtirokidagi ushbu tadbirlarda Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, faoliyati, ijodiy merosining ahamiyati keng tushuntirilmoqda.

Mamlakatimizda fevral' oyining Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosini keng va atroflicha o‘rganish maqsadida Navoiyxonlik va Boburxonlik oyligi deb e'lon qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Namangan akademik liseyi talabalari tomonidan 8 fevral' kuni Alisher Navoiy tavalludining 580 yilli hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligini akademik lisey majlislar zalida keng nishonlandi.

Tadbirni IIV Namangan akademik liseyi direktori polkovnik U.S.Iminov kirish so‘zi bilan ochib, Alisher Navoiyning o‘z davrining buyuk mutafakkiri, so‘z ustasi bo‘lishi bilan birga, kishilarga yaxshi so‘z bilan ta'sir eta bilish san'atini juda qadrlovchi, ulug‘lovchi, bunday san'at ustalariga e'tibor qilib, ehtirom ko‘rsatuvchi shaxs bo‘lgan. Navoiy omma o‘rtasida yaxshi nutqning ta'siri va tarbiyasini chuqur his etgan va o‘zi ham doim amal qilgan. Navoiy insonlarni notiqlikdagi yaxshi va yomon tomonlarni ko‘ra bilish va ularni farqlay olishga chaqiradi. Navoiy notiqlik san'atining buyuk qudratiga alohida e'tibor beradi, deya ulug‘ bobokalonimiz merosining yoshlar, ayniqsa, bo‘lg‘usi Vatan posbonlarining xayoti va faoliyatida ahamiyati haqida batafsil ma'lumot berdilar. Shuningdek, ma'naviy ma'rifiy tadbirda Namangan viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, boshqarma Kadrlar boshqarmasi xotin qizlar masalalari bo‘yicha bosh inspektori, viloyat yozuvchilar uyushmasi a'zosi Ziyoviddin Mansur, Namangan viloyati "Mashrab" nashryoti direktori Dilorom Ergasheva, Namangan shahar yoshlar ittifoqi raisi Jamoliddin Erkinboevlar ishtirok etdilar.

Tadbirda lisey talabalari tomonidan bobolarimiz siymosi gavdalangan sahna ko‘rinishlari, ibratli g‘azal-u ruboiylar ijrosi barchaga manzur bo‘ldi.

 

Namangan viloyat IIB Axborot xizmati

Text to speech