IIV Akademiyasida “Oʻtkir Joʻrayev zamondoshlari xotirasida” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi
Ichki ishlar organlari faxriysi, marhum Oʻtkir Joʻrayev hayot boʻlganda, yetmish yoshni qarshi olardi. Butun umrini el-yurt osoyishtaligiga bagʻishlangan bu inson ibratga arzigulik sharafli yoʻlni bosib oʻtdi. Ezgu soʻzi va amallari bilan oʻzini manguga muhrladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Oʻtkir Joʻrayev zamondoshlari xotirasida” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Uch avlod vakillari ishtirok etgan tadbirni vazir oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov ochib, Oʻtkir Joʻrayevning hayoti va serqirra faoliyatiga toʻxtaldi.
Samarqandning Urgut tumanida tavallud topgan Oʻtkir Joʻrayev oʻrta maktabdan soʻng, Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti)ning huquqshunoslik fakultetida tahsil oldi. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini oddiy militsionerlikdan boshlab, kadrlar bilan ishlash xizmatida koʻp yillar samarali mehnat qildi. Ayniqsa vazirlik Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib borgan davrida soha uchun munosib kadrlarni tanlash, xodimlarning kasbiy saviyasi va maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish, ularni ijtimoiy himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Oʻz kasbiga sadoqati, fidoyiligi, tashkilotchi va jonkuyarligi tufayli obroʻ-eʼtibor qozondi.
Oʻtkir Parmonovich tabiatan bosiq, yetti oʻlchab bir kesadigan, shijoatli inson edi. Bu fazilatlar uning umr mazmunini bezab keldi. Mustaqillik yillarining masʼuliyatli davrlarida yelkama-yelka xizmat qilib, mashaqqatlarni yengib oʻtdik. Tajribali rahbar, fidoyi inson Oʻtkir Parmonovichning sermazmun hayot yoʻli kelgusi avlodlar uchun ibrat maktabi boʻlib qoladi, – dedi Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov,
Xotira kechasida isteʼfodagi general-mayor Erkin Norgitov, taniqli ijodkorlar Abdusaid Koʻchimov, Mamatqul Hazratqulov, Zulfiya Moʻminova, isteʼfodagi polkovniklar Toir Hoshimov, Isomiddin Ismoilov, polkovnik Bernora Sodiqova va boshqalar soʻz olib, yorqin xotiralarni yodga olishdi.
Ustozimizning ezgu fazilatlari koʻp edi. Oʻtkir akani, avvalo, xalqimizga cheksiz sadoqat bilan xizmat qilib, el-yurtda hurmat topgan inson sifatida bilaman. Bugun osoyishtalik yoʻlida oʻz halovatidan voz kechgan faxriylarimiz ishtirokida Oʻtkir akani xotirladik. Tizimda xizmat qilayotgan yosh xodimlar bunday insonlar bilan doimo faxrlanishi kerak, – dedi IIV Akademiyasi boshligʻi, polkovnik Rustam Xatamov.
Umrni savobli ishlar, yaxshiliklar bilan bezash hammaga ham nasib etavermaydi. Oʻtkir Parmonovich mazmunli hayot kechirdi. Shu oʻrinda doʻstimning ijodiy qirralarini ham alohida eʼtirof etishni istardim. Uning sheʼriy armugʻonlari maʼnaviyatimizning qimmatli xazinasidan joy oldi, – dedi prokuratura faxriysi Erkin Abzalov.
Chindan ham, Oʻtkir Joʻrayev ichki ishlar organlaridagi faoliyatini sheʼriyat bilan barobar olib borgan inson edi. U isteʼdodli shoir sifatida barakali ijod qildi. Ichki ishlar organlaridan nafaqaga chiqqach, vazirlik Faxriylar kengashi faoli sifatida koʻp yillik boy tajribasi va salohiyatini yoshlar bilan baham koʻrdi. Tizimda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxsiy tarkibning kasbiy va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, ayniqsa yosh xodimlarda ona Vatanga muhabbat va burchga sadoqat tuygʻularini mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshdi. Shogirdlariga ustozlik qilib, hayotda toʻgʻri yoʻl koʻrsatdi.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda «Yurt ishqida yongan yurak» kitobining taqdimoti ham oʻtkazildi. Samimiy va dilkash inson, odamlar qalbida ezgulik sohibi sifatida chuqur hurmat va ehtiromga sazovor boʻlgan polkovnik Oʻtkir Joʻrayevning hayot yoʻliga bagʻishlangan mazkur risola tadbir ishtirokchilariga tuhfa boʻldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati