Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari chegara hududidagi mas'ul xodimlar bilan uchrashdi.
Joriy yilning 17 yanvar' kuni soat 22.40larda Yangiqo‘rg‘on tumani Mamay qishlog‘ida Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod oblasti Aksuu rayoni Mamay ayil ukumati bilan chegaradosh hududida xizmat olib borayotgan harbiylar tomonidan davlat raqamiga ega bo‘lmagan “Moskvich” rusumli avtomashina tekshirish uchun to‘htatilganda mashina ichida hech qanday sertifikatga ega bo‘lmagan noqonuniy tovar moddiy boyliklari borligi aniqlangan.
Holatga qonuniy chora ko‘rilmoqchi bo‘lganda esa avtomashina ichida bo‘lgan fuqarolar va ularning shu hududda yashovchi tanishlari tomonidan harbiylarga faol qarshilik ko‘rsatilgan.
20 yanvar' kuni Namangan viloyati hokimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan tumandagi keng jamoatchilik va mas'ul idora vakillarini jalb etgan holda muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
22 yanvarda esa Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik D. B. Qodirov nizoli holat sodir bo‘lgan hududga borib u yerda faoliyat yuritayotgan 5-sonli IIb boshlig‘i, profilaktika inspektori, MFY raisi va boshqa mas'ullar bilan kelgusida bu kabi holatlar yuzaga kelmasligi uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi haqida gapirib, bu borada mas'ullarning fikr va takliflari joyning o‘zida o‘rganildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati