10 Aprel 2025 yil 1348

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari tomonidan Namangan viloyati hududlarida o‘rganish ishlari olib borildi

Ichki ishlar vazirligining joriy yil 31-martdagi farmoyishiga asosan hududlardagi maktablarga tashkiliy va tarbiya-metodik jihatdan manzilli ko‘maklashish maqsadida ishchi guruhi tarkibi tasdiqlangan edi.

Mazkur ishchi guruh hududlarda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli tashkil etilishini taʼminlash, viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshliqlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaliy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Bugun Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh Yangi Namangan tumanidagi 60-sonli maktabda bo‘lib, taʼlim muassasasining maʼmuriy binosi va o‘quv xonalari ko‘zdan kechirildi hamda mukammal taʼmirlash rejasi bilan tanishildi.

Shuningdek, mazkur tumandagi “Beruniy” mahallasida joylashgan 2-sonli "Huquq-tartibot maskani" faoliyati o‘rganilib, masʼul rahbar va xodimlarga “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yuzasidan aniq topshiriqlar berib o‘tildi.

Shundan so‘ng, IIV Namangan Akademik litseyi va u yerda tashkil etilgan “Jasorat” muzeyi bilan yaqindan tanishilib, ichki ishlar organlari tarixini chuqurroq o‘rganish, eksponat va kolleksiyalarni yanada boyitish borasida tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Shu bilan birga, Davlatobod tumani IIB maʼmuriy binosida joylashgan “Faxriylar markazi” ham ko‘zdan kechirilib, ichki ishlar tizimida uzoq yillar xizmat qilgan faxriylar bilan muloqot o‘tkazildi va ularning tajribasi hamda fikrlari asosida mavjud faoliyatni yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech