Hushyorlik...
Bir necha kun avval hammamiz Qurbon hayitini nishonladik. Tanish - bilish, yoru birodarlar bir - birlarini qutlashib, yaxshi niyatlar qilishlari ham dinimiz, ham urf - odatimiz ko‘rsatmalaridan bo‘lib, insoniylik belgisi hisoblanadi. Uchqo‘rg‘on tumanidagi men o‘qigan 8 - umumtaʼlim maktabidagi ustozlarim bilan “uzilib” ketmaganman. Direktorimiz Muhammadsoli Adashevga telefon qildim. Hayit bilan tabrikladim. Xayr - xushlashishdan avval u kishi bir voqeani qoniqish bilan so‘zlab berdi.
- Yaqinda Qayqi qishlog‘imizda qad rostlagan “Sattiboy xalfa” jome masjidi namozxonlar bilan to‘la. Ularning emin - erkin, tinch - osuda ibodat qilishlari uchun hamma sharoit muhayyo. Barcha xizmat xodimlari – xavfsizlik, ichki ishlar, yong‘inga qarshi guruh va tibbiyot xodimlari o‘z postlarida sergaklik bilan turishardi.
Namoz boshlangach namozxonlardan biri o‘z hushini yo‘qotayozdimi, betoqatlandi. Saflarni kuzatib turgan tartibot organlari xodimlaridan biri yugurib safdagi kishini ko‘tarib, yo‘lning narigi betidagi qishloq vrachlik punktiga olib kirib ketdi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. U shaxs hushiga keltirildi. Sergaklik bilan harakat qilgan shaxs Uchqo‘rg‘on tumani IIB xodimi ekan. Aniqrog‘i huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘limi katta inspektori, mayor Muzaffar Haydarov ekan. Uning o‘z burchiga sadoqati, hushyorligi va tezkor harakatiga hammani ko‘zi tushdi va hammaning ko‘zidan xursandchilik yoshi dumaladi.
O‘sha kuni keyingi namozdan so‘ng masjid imomi Abdulhay O‘rinovning hamma va har bir shaxs o‘z ishini bilib qilishi kerakligi haqidagi suhbatlari ham masjid qavmiga yoqib tushdi.
Ha, bizda davlat organlari xodimlari xalqimizga xizmat qilayotgani bor haqiqat. Bu yo‘ldagi mustahkam birlikka aslo ko‘z tegmasin.
Rahimjon Irisov
jurnalist