28 Aprel 2022 yil 604

Hurmatli harakat ishtirokchilari, yo‘llarda tartibni saqlang!

Piyoda va haydovchi. Ko‘p hollarda avtomobil qatnov yo‘lida uchraydigan turli hodisalar ular tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik ortidan keladi. Namangan viloyati IIB JXX YHXB xodimlari ana shunday holatlarni oldini olish, harakat ishtirokchilarining yo‘ldagi madaniyatini oshirish borasida joylarda targ‘ibot va tushuntirish ishlarini muntazam olib borishmoqda. Biroq shunga qaramay ular tomonidan qoida buzilish holatlari hamon uchrab turibdi.

Namangan shahrining avtomobil serqatnov ko‘chalarida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida haydovchilar tomonidan meʼyoriy hujjatlarsiz transport vositasini boshqarish, tezlikni oshirish, svetofor ishoralari va yo‘l belgilariga rioya etmaslik kabi holatlar kuzatildi. Qo‘pol qoidabuzarlarning avtomashinalari esa jarima maydonidan joy egalladi.

Reyd tadbiriga jalb etilgan avtokon qurilmasi yordamida qarzdorligi mavjud bo‘la turib, to‘lash muddatini o‘tkazib yuborgan bir necha haydovchilarning transport vositasi harakatdan to‘xtatildi va avvalgi qoidabuzarlik uchun tuzilgan bayonnomaning ijrosi taʼminlandi.

Yo‘lning piyodalar o‘tishi uchun belgilangan joyidan emas, qatnov yo‘lidan qoidalarga zid tarzda kesib o‘tayotgan fuqarolar bu harakatlari bilan o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishayotganini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Ular uchun manzilga xavfsiz emas ,tezroq yetib borish muhim go‘yo.

YPX inspektorlari piyodalarning ushbu harakatiga befarq qaramay ularni tartibga chaqirdi va qoidabuzarlik uchun o‘rnida bayonnoma rasmiylashtirildi. O‘ylaymizki, jarimaga tortilgan piyodalar kelgusida bu xatolarini qayta takrorlamaydilar. Haydovchi va piyodalarning tartibsizliklariga qarshi reyd tadbirlari viloyatning barcha hududlarida davom ettirilmoqda.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech