Harbiylar va xodimlar o‘zaro tajriba almashmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5050-son Qarorini shaxsiy tarkibga yetkazish va qarorda belgilab berilgan vazifalar hamda 2021 yil 29 aprel' kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor A.I.Ikramov huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida, joriy yilning 30 aprel' kuni Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari T.A.Mamatkulov boshchiligida, boshqarma mas'ul xodimlari hamda shahar-tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarma va bo‘limlari boshliqlarining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlaridan iborat guruh Mudofaa ishlari vazirligining Sharqiy-harbiy okrugiga qarashli, Pop tumanida joylashgan 07648-sonli harbiy qismda tashkil etilgan ma'naviy-ma'rifiy ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Guruh a'zolari qismda harbiy xizmatchilar va oddiy askarlarga yaratilgan shart-sharoitlar, obodonlashtirish ishlari, tozalik, ozodalik va kun tartibiga rioya etilishi borasida qo‘shimcha ma'lumotlar olishdi. Kutubxonadagi kitoblarni o‘rganish davomida mas'ul xodim tomonidan yig‘ilganlarga mavjud kitoblarning harbiylar hayotida tutgan o‘rni borasida so‘zlab berildi. Ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilib, kelgusida Ichki ishlar organlarida ham ayni shu borada yo‘lga qo‘yilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Hamkorlikdagi bu kabi tadbirlar hamda uchrashuvlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, Ichki ishlar organlarida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etishda avvalo, «Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!» konseptual g‘oyasi asosida, barcha xodimlar va harbiy xizmatchilarning umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi, ma'naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, g‘urur, iftixor, kasbiga nisbatan sadoqat va yuqori mas'uliyat hislarini oshirishdan iborat.
Kadrlar boshqarmasi kasbiy tayyorgarlikni tashkillashtirish bo‘limi.