Giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda
“Tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalari bo‘lgan, Shuningdek kuchli taʼsir etuvchi preparatlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish tezkor-profilaktik tadbiri”ni o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2023-yil 23- oktyabr kungi hamda Namangan viloyat IIB boshlig‘ining 31-oktyabr kungi farmoyishlariga asosan, shu yil 1-noyabr sanasidan 30-noyabr kuniga qadar Namangan viloyati Davlat xavfsizligi xizmati, Sog‘liqni saqlash, Bojxona, Soliq boshqarmasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda targ‘ibot, reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Ana shunday targ‘ibot uchrashuvlaridan biri joriy yilning 10-noyabr kuni Namangan Davlat universitetining talabalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda dastlab psixotrop va narkotik moddalarga ruju qo‘yishning oqibatida yuzaga keladigan ayanchli vaziyatlar hamda jinoyatlar to‘g‘risida hayotiy misollar bilan yig‘ilganlarga maʼlumotlar berildi. Shuningdek, giyohvand moddalarning savdosi, saqlanishi va isteʼmoli qonun bilan taʼqiqlangani, ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi alohida taʼkidlandi va yoshlar orasida bu illatlarga qaramlik holatini oldini olishda talabalarning ham targ‘ibot tadbirlarida ishtiroki muhimligi aytib o‘tildi.
Tadbir davomida psixotrop va giyohvand moddalarning salbiy oqibatlari haqida hikoya qiluvchi “O‘ylamay bosilgan qadam” nomli maxsus film yig‘ilganlar eʼtiboriga namoyish etildi.
Uchrashuv so‘nggida talabalar mavzuga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi. Oylik doirasidagi targ‘ibot tadbirlari barcha hududlarda davom etmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati