Fidoyi hamkasblarimiz: Xatodan xulosa chiqarmaslik ayb
Xodimning oilasi tinch, muammolari yoʻq boʻlsa, xizmatda samaradorlik boʻladi. Buni yaxshi anglagan Namangan viloyati IIB JXX JTSB PPX batalyoni komandirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Fayzullo Hakimov xodimlarning kayfiyati bilan qiziqadi, oilaviy sharoitini oʻrganib, tegishli tartibda ijtimoiy himoya qilish choralarini koʻrib boradi.
Masalan, batalyon 3-otryadi boʻlinma komandiri, safdor S.Komilov bilan suhbat jarayonida xodimning oilasida yaqinda farzand tugʻilgani, oylik maoshining maʼlum bir qismi kredit toʻlash uchun ketayotgani maʼlum boʻldi. Shu sababli xodimga moddiy yordam berish yuzasidan rahbariyatga taklif kiritildi. Shuningdek, serjant D.Rahimovga ham oilaviy ehtiyojlari uchun bir martalik moddiy yordam olish yuzasidan qilingan masala ham ijobiy hal etildi.
Podpolkovnik Fayzullo Hakimovning intizomiy jazo chorasini olgan xodimlar bilan alohida suhbatlar oʻtkazib borishi ham samarasiz boʻlmayapti. Xodimga “hayfsan” intizomiy jazo berish uning sohadan koʻnglini sovitish emas, balki xatolaridan tegishli xulosa chiqarishga undashi shart. Masalan, 3-otryad safdor xodimlari — safdorlar J.Yakubov va J.Abdurahimovga xizmat vazifasiga bogʻliq boʻlmagan faoliyatga aralashmaslik, tartib-intizomga rioya qilish kerakligini yotigʻi bilan tushuntirdi. Samimiy suhbat chogʻida xodimlar xatodan xulosa chiqarmaslik ayb ekanini tushundilar.
- Hujjatlar bilan ishlash, ijro intizomiga rioya etish boʻyicha podpolkovnik Fayzullo Hakimov xodimlardan oʻz maslahat va koʻmagini ayamaydi, — deydi batalyon xizmatni tashkillashtirish guruhi katta inspektori, katta serjant K.Vahobov. — Albatta, bu biz, xodimlarga kuch va gʻayrat bagʻishlaydi.
Lavhamiz qahramonining tashabbusi bilan hozirgi vaqtda xodimlarning bilim saviyasini oshirish, nutq va muomala madaniyatini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida haftada bir marta “Kitobxonlik soati” oʻtkazib kelinadi. Bunda xodimlar kutubxonada oʻqigan kitoblari boʻyicha fikr almashadilar.
Shaxsiy tarkibning jismoniy tayyorgarligini oshirish maqsadida sport mashgʻulotlariga alohida oʻrin ajratilgani oʻz samarasini bermoqda. Xodimlar yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sport musobaqalarida faxrli oʻrinlarni ham qoʻlga kiritmoqda. Masalan, shu yilning 25-28-avgust kunlari viloyat ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan voleybol musobaqasida batalyon jamoasi faxrli birinchi oʻrinni egalladi. 1-otryad safdor xodimi, safdor Jahongirmirzo Sobirjonov huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻrtasida 100 metr masofaga yugurish boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada gʻolib boʻldi.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati