23 Sentyabr 2025 yil 100

Davlatobod tuman IIB boshlig‘ining tuman aholisiga murojaati

Assalomu alaykum xurmatli tumanimiz fuqarolari, aziz yurtdoshlar!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalardagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi, bunga barchamiz kundalik hayotimizda guvoh bo‘lmoqdamiz.

Bu jaryonda xalqimiz tinchlik va osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda preventiv choralarni amalga oshirish, jazo muqarrarligini taʼminlash muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Xokimlik, huquqni muxofaza qilish va va mutasaddi idoralar bilan birgalikda, tumanning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozorida, istirohat bog‘ida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari ko‘rilayapti.

Aziz tumanimiz fuqarolari!

Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan 1-sonli Qarorlari asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 28 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 8 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.

Choraklik manzilli chora — tadbirlar “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritalari” ijrosi yuzasidan joriy yilning o‘tgan davrida jami 1 273 ta kamera, 436 ta domofon komplekslari va 354 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatilib, 2.100 dan ortiq obyekt va xonadonlar texnik qo‘riqlovga olindi.

Mahallalarda 41 ta “namunaviy xavfsiz ko‘chalar” va 97 ta “namunaviy xavfsiz yo‘laklar” tashkil etilib, 270 ta ko‘chaga yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Aholi o‘rtasida 985 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, firibgarlik jinoyatlarini oldini olish bo‘yicha mahallalarda 225 ta “peshlavha” o‘rnatildi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi 2.449 ta stiker joylashtirildi.

Amalga oshirilgan ishlarimiz samarasini berib, jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar 12,5  foizga, ko‘cha va bog‘larda esa 4,5 foizga kamaygan.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar o‘rtasida ham huquqbuzar-liklarni profilaktika qilish hamda nazoratsizlikni oldini olish bo‘yicha choralar samaradorligi oshirildi.

O‘quvchilarning muammolarini hal etish bo‘yicha 20 marta “rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.

Hamkor tashkilotlar bilan 681 marotaba o‘tkazilgan “Davomat”, “O‘quvchi” va “Tig‘” tadbirlarida 230 nafar muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchilar aniqlanib, ularning barchasi dars mashg‘ulotlariga qaytarilishi taʼminlandi.

Oqibatda yoshlar jinoyati 14,1 foizga, voyaga yetmaganlar jinoyati esa 26,7 foizga kamaytirdik.

Joriy yilning 18 avgust kunidagi jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasidagi PQ — 253 - sonli qarori ijrosi taʼminlanib kelinmoqda.

Qaror bilan tasdiqlangan konsepsiya doirasida 3 yildan buyon kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 4 ta (Xalqlar do‘stligi, Yangi tong, Elobod, Porloq) mahallaga Prokuratura, Ichki ishlar, Milliy gvardiya va taʼlim muassasasi masʼul xodimlari nomma – nom biriktirilib, “yo‘l xarita”lari  ishlab chiqildi.

Shuningdek, ushbu 4 ta mahallalar hududiga 105 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, shundan 24 tasi “Qalqon” tizimiga, 81 tasi “Huquq tartibot maskanlari” ga integratsiya qilindi, 55 ta obyekt va 265 ta xonadonlar texnik qo‘riqlovga olindi hamda 41 ta tashvish tugmalari  o‘rnatildi.

Tumanda sodir etilgan jinoyatlarning kunlik tahlil asosida sabab va omillarini aniqlab, bu haqida tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholiga 40 dan ziyod “profilaktik – ogohlantiruvchi murojaat” lar tashkil qilindi.

Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, joriy yil 8 oyida tuman mahallalarida sodir etilgan 378 ta jinoyatlardan 228 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qo‘llanildi.

Qaror ijrosi bo‘yicha joriy yilda 52.125 ta xonadonda xatlov o‘tkazilib, 2.194 nafar shaxslarga ijtimoiy profilaktika tartibida xulosalar berildi, ularning 1.204 tasi esa ijobiy hal etildi.

Buning natijasida, ayollar 16,5 foizga, ishsizlar 3,8 foizga, muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 5,6 foizga kamayishiga erishdik.

Oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish yuzasidan tumanda oilaviy maishiy zo‘ravonlikka uchragan 215 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berildi.

Endilikda, jinoyatlarning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari o‘sha hududda  amaliy  tadbirlarni ham o‘tkazildi.

Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha dastlabki bajarilgan ishlar va tahlillarning natijalariga qaratsam.

Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.

Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham, aholi ham ko‘proq eʼtibor berishi lozim bo‘lgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak bo‘lgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat qaratmoqchiman.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar ko‘proq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yo‘llarini ham o‘ylab topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmog‘i ortishi anchagina tashkiliy choralar ko‘rishni taqozo etdi.

Maʼlumot uchun, tumandagi jinoyatlarning 33,6 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etmoqda.

Kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 98 tasi firibgarlik hamda 91 tasi o‘g‘rilikni tashkil qilgan.

So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga ko‘paydi.

Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli hil feyk xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni sir saqlashni so‘rab qolamiz.

Bundan tashqari, joriy yilning 8 oyida tuman hududida 378 ta, shu jumladan mahallada olidini olish mumkin bo‘lgan 228 ta jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ushbu turdagi jinoyatlarni ortishiga asosan o‘g‘rilik (90 ta), tan jarohati yetkazish (25 ta) va bezorilik (20 ta) jinoyatlar sababchi bo‘lgan.

Shunga “o‘z mulkimni o‘zim asrayman” degan har bir xonadon bo‘ladimi, tadbirkormi – asosiy shiori bo‘lib qolishini so‘raymiz.

Aziz tumanimiz fuqarolari!

Shu o‘rinda, kriminogen vaziyatga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, tumanda voyaga yetmaganlar 26,7 foizga, yoshlar 14,1 foizga, ayollar 12,5 foizga, ishsizlar 50 foizga, muqaddam sudlanganlar 5,6 foizga, jinoyatini kamaytirishga erishgan bo‘lsak-da, mast holda 28,6 foiz jinoyatlari barqarorligicha qolgan.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 3,915 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 3,321 ta choralar ko‘rildi.

Bulardan tashqari, 4,525 nafar ishsizlardan 3,172 nafari ishga joylashtirildi, 785 nafari kasbga o‘qitildi, 578 nafari esa, kasbga yo‘naltirildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 5 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 22 nafarining bandligi taʼminlandi, 18 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirsak oqibati yomon bo‘ladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan bolalarning 14 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 31 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi.

Hurmatli fuqarolar!

Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan,  jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Aziz hamyurtlar!

Jinoyatlarga qarshi kurashda ichki ishlar organlari, ko‘mak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga kafolat beradi.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka  chaqiramiz.

Zero, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etilishi va oldi olinishida xalqimizdan masʼuliyat, tashabbuskorlik hamda daxldorlik hissi bilan yondoshishni so‘rayman.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga kafolat beraman.

Barchamiz  jinoyatdan holi yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik !!!

Davlatobod tuman IIB boshlig‘i O.A.Xujakulov

Text to speech