4 Iyun 2025 yil 116

Davlatobod tuman IIB boshligʻining tuman aholisiga murojaati

Assalomu alaykum xurmatli tumanimiz fuqarolari,  aziz yurtdoshlar!

 

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalardagi islohotlar yangi bosqichga koʻtarildi, bunga barchamiz kundalik hayotimizda guvoh boʻlmoqdamiz.

Bu jaryonda xalqimiz tinchlik va osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda preventiv choralarni amalga oshirish, jazo muqarrarligini taʼminlash muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Xokimlik, huquqni muxofaza qilish va va mutasaddi idoralar bilan birgalikda, tumanning har bir koʻchasida, mahallasida, bozorida, istirohat bogʻida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari koʻrilayapti.

 

Aziz tumanimiz fuqarolari!

 

Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan 1-sonli Qarorlari asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha yangi mexanizm joriy etildi.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 28 ta mahallaning kriminogen vaziyati ogʻir 5 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.

Choraklik manzilli chora-tadbirlar “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yoʻl xaritalari” ijrosi yuzasidan joriy yil oʻtgan davrida mahallalardagi aholi gavjum joylarga 250 ta, koʻp qavatli uylarning hovlisiga 3600 gradus aylanuvchi 15 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 50 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 7 ta, jami boʻlib 350 ga yaqin kameralar, uylarning kirish yoʻlaklariga 25 dan ortiq tashvish tugmalari oʻrnatildi, 82 ta savdo muassasalari va qariyb 800 ta xonadonlar tezkor qoʻriqlovga olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qoʻriqlovda!” hamda “Xonadon qoʻriqlovda!” kabi jami 1000 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 24 ta “namunaviy xavfsiz koʻcha” hamda 60 ta “namunaviy xavfsiz yoʻlak” tashkil etildi, ichki yoʻllar va koʻchalar 125 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi.

Misol uchun, yil boshidan beri viloyatda oʻrnatilgan kameralar yordamida qidiruvda yurgan 15 nafar, shu jumladan jazodan boʻyin tovlab kelgan probatsiya hisobidagi 2 nafar jinoyatchilar ushlangan boʻlsa, 52 ta jinoyatlar “issiq izi”dan fosh etildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 28 ta mahallalarning 3 tasida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.

Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha kunlik soʻrov va oʻrganishlarni yoʻlga qoʻydik.

Bunda, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarning jinoyat oʻchoqlari joyida oʻrganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 50 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qoʻllanildi.

Endilikda, jinoyatlarning omil va sabablarini oʻrganishdan tashqari oʻsha hududda  amaliy  tadbirlarni ham oʻtkazildi.

Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha dastlabki bajarilgan ishlar va tahlillarning natijalariga qaratsam.

Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.

Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham, aholi ham koʻproq eʼtibor berishi lozim boʻlgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak boʻlgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat qaratmoqchiman.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar koʻproq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yoʻllarini ham oʻylab topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyati oshayotgani ham bunga yaqqol misol boʻladi.

Firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilayotganligi tashvishli holdir.

Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmogʻi ortishi anchagina tashkiliy choralar koʻrishni taqozo etdi.

Maʼlumot uchun, tumandagi jinoyatlarning 33,1 foizini (96ta) axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etmoqda.

Misol uchun, joriy yilning oʻtgan davrida birgina plastik kartalardan pul mablagʻlarini yechib olish holatlari yuzasidan 28 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 21 tasi firibgarlik hamda 27 tasi oʻgʻrilikni tashkil qilgan.

Soʻnggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga koʻpaydi.

Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni boʻlmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot boʻlishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni sir saqlashni soʻrab qolamiz.

Bundan tashqari, joriy yilning oʻtgan davrida tuman hududida 306 ta oldini olish mumkin boʻlgan shu jumladan, mahallada olidini olish mumkin boʻlgan 108 ta jinoyatlar sodir etilgan boʻlib, ushbu turdagi jinoyatlarni ortishiga asosan oʻgʻrilik (73 ta), tan jarohati yetkazish (15 ta) va bezorilik (20 ta) jinoyatlar sababchi boʻlgan.

 

Aziz tumanimiz fuqarolari!

 

Shu oʻrinda, kriminogen vaziyatga taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, oʻtgan 5 oyi yakuniga koʻra, voyaga yetmaganlar (13-4), yoshlar (25-20), ishsizlar (5-0) jinoyatini kamaytirishga erishgan boʻlsakda, muqaddam sudlanganlar (6-8), mast holda (1-4) jinoyatlari ortgan.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab boʻlganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish boʻyicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, oʻtkazilgan oʻrganishlarda kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda 3.742 ta ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish boʻyicha 2.945 ta choralar koʻrildi.

Bulardan tashqari, 4.321 nafar ishsizlardan 2.650 nafari ishga joylashtirildi, 420 nafari kasbga oʻqitildi, 550 nafari esa, kasbga yoʻnaltirildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 2 nafari kasb-hunarga oʻqitildi, 11 nafarining bandligi taʼminlandi, 8 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora boʻlib, jinoyatlarning sabab va omillarini koʻzdan qochirsak oqibati yomon boʻladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va oʻqish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tigʻ va reyd) tadbirlarida uzoq muddatga ketgan 98 nafar bolalar, muntazam dars qoldiruvchi, tarbiyasi ogʻir 21 nafar oʻquvchilar aniqlanib, maktablarga qaytarildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda boquvchisini yoʻqotgan bolalarning 7 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 27 ta zamonaviy kameralar oʻrnatildi.

Hurmatli fuqarolar!

 

Juda koʻp masalalarda ish uslublarimiz oʻzgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan,  jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab boʻlayotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

 

Aziz hamyurtlar!

 

Aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka  chaqiramiz.

Zero, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etilishi va oldi olinishida xalqimizdan masʼuliyat, tashabbuskorlik hamda daxldorlik hissi bilan yondoshishni soʻrayman.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday koʻrinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qoʻl urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga kafolat beraman.

 

Davlatobod tuman IIB boshligʻi B.Shukurov

Text to speech