3 Iyul 2023 yil 1035

Cyber-Week kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari | Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Unda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qahramon Ergashev, Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazining masʼul xodimi Lochinbek Atoyev hamda OAV vakillari, korxona tashkilotlarning axborot xizmatlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.

Taʼkidlanganidek, axborot texnologiyalari rivojlanib borgani sari, undan g‘araz maqsadda foydalanuvchilar ham ortib bormoqda.

Namangan viloyatida kiberjinoyatlarni oldini olish hamda aholini kiber olamdagi tahdidlardan immunitetini oshirish maqsadida 2023-yilning 3-9-iyul kunlari Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi, viloyatdagi manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish belgilandi.

Tadbirlar davomida innovatsion targ‘ibot usullaridan foydalangan holda viloyatdagi barcha ishchi-xizmatchilar, yoshlar bilan hamkorlikda 2 mln.dan ortiq aholini qamrab olish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, targ‘ibot tadbirlarini samaradorligini oshirish uchun aholining turli qatlami o‘rtasida 7 turdagi tanlovlar o‘tkazilib, fuqarolarni yana-da qiziqtirgan holda tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.

Targ‘ibot tadbirlari haqida Kiberxavfsizlik markazining “@Cyber_102” rasmiy sahifalari orqali maʼlumotlar olish mumkin.

Anjuman yakunida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech