21 Oktyabr 2025 yil 293

Chortoq tumani IIB xodimlarining tungi xizmat faoliyati o‘rganildi

Hududlarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda jamoat tartibini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida, Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan muntazam ravishda o‘rganishlar o‘tkazilib, xizmatni takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy-uslubiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Xususan, Chortoq tumanida o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganishlar davomida ichki ishlar bo‘limi xodimlarining tungi xizmat faoliyati, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarining xavfsizlik holati atroflicha ko‘rib chiqildi.

Dastlab “Namangan”, “Bag‘rikenglik”, “Baynalmilal”, “Yangiobod” va “O‘rikzor” mahallalariga xizmat ko‘rsatuvchi 1-son “Huquq-tartibot maskani” hamda “Mustaqillik” mahallasi va tuman markazida xizmat olib borayotgan xodimlar bilan yo‘riqnoma o‘tkazildi. Unda tungi vaqtlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, aholi osoyishtaligini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tuman aholisi va ijtimoiy soha obyektlarining holati o‘rganildi. Shu doirada Chortoq tuman gaz taʼminoti bo‘limi mutaxassislari bilan suhbatlashilib, zaruriy texnik vositalar va ehtiyot qismlar ko‘zdan kechirildi. Joriy mavsumni betalofat o‘tkazish, aholiga tabiiy va suyultirilgan gazni uzluksiz yetkazib berish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, Chortoq tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Namangan” kanali atrofida tungi vaqtlarda amalga oshirilayotgan xavfsizlik chora-tadbirlari ham ko‘zdan kechirildi. Mazkur hududga tungi xizmatga jalb etilgan naryad bilan ham yo‘riqnoma o‘tkazilib, xizmat intizomini mustahkamlash va xavfsizlikni taʼminlashga doir ko‘rsatma-topshiriqlar berildi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech