13 Sentyabr 2025 yil 102

Chortoq tuman prokurorining tuman aholisiga murojaati

Qadrli yurtdoshlar, tumanimiz mehmonlari!

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiliklarida barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar  amalga  oshirilmoqda.

Bu islohotlar inson va uning qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, halqimizni tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga  qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Aziz  Chortoqliklar!

Xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni taʼminlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash borasida  muayyan  ishlar  amalga oshirilmoqda.

Islohotlarning tub zamirida huquq tartibotni mustahkamlash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki boshqa idoralar va keng jamoatchilikning umummilliy ishi va vazifasiga aylandi.

Tumanimizda jinoyatlarning oldini olish va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasida kuchaytirilgan ish tartibi joriy etilib, barcha kuch-vositalar jinoyatlarning oqibatlari bilan emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan sabab - omillarni aniqlab,  bartaraf  etishga  safarbar  etildi.

Buning natijasi o‘laroq, tumanimizning har bir ko‘chasi, mahallasi, bozorlari, istirohat bog‘lari hamda boshqa jamoat joylarida xavfsiz muhitni yaratish  bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.

Ayniqsa, voyaga yetmaganlar, yoshlar, xotin - qizlar, muqaddam sudlanganlar, alohida toifadagi shaxslar bilan turli yo‘nalishlarda profilaktik tadbirlar olib borilib, targ‘ibot  ishlariga  jiddiy  eʼtibor  qaratilmoqda.

Qadrli  yurtdoshlar!

Belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, biz o‘z oldimizga jinoyatchilikni barvaqt aniqlash, ularni sodir etilishiga zamin yaratayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali jinoyatchilikni jilovlashni maqsad qilganmiz.

Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 3 yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son Qarorlari asosida sodir etilgan har bir jinoyat “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilib kelinmoqda.

Har  bir mahalla  va  xonadongacha  tushib, huquqbuzarliklar omillarini  aniqlashga  eʼtiborimizni  kuchaytirib  bormoqdamiz.

Jinoyat sodir etgan va unga moyilligi bo‘lgan fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, ular bilan samarali profilaktik  ishlarni  olib  borilishini  yo‘lga  qo‘yganmiz.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 55 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 5 tasiga masʼul rahbarlar nomma - nom  biriktirilgan edi.

Shuningdek, tuman va barcha mahallalarning choraklik manzilli  “yo‘l  xaritalari” ishlab  chiqilib, ijroga qaratilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida jami 570 ta kamera, 171 ta domofon komplekslari va 30 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatilib, 604 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olindi.

Mahallalarda 78 ta “namunaviy xavfsiz ko‘chalar” va 170 ta “namunaviy xavfsiz yo‘laklar” tashkil etilib, 335 ta ko‘chaga yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 600 dan ortiq stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 78 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 170 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 335 dan ortiq  yoritish  vositalari  bilan  taʼminlandi.

Qarorga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni  yo‘lga  qo‘ydik.

Bundan tashqari, tumanda jinoyatchilikni oldini olish, korrupsiyaviy  holatlarni bartaraf etish bo‘yicha viloyat prokurori farmoyishi bilan 55  ta  mahallalarga  xodimlar  biriktirildi.

Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz jinoyatlarning omil va sabablarini o‘rganishdan tashqari  o‘sha  hududda  amaliy  tadbirlarni  ham  o‘tkazmoqdalar.

Biz endilikda muammoning tub negizigacha yetib borib, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.

Amaliy ishlar natijasida joriy yil 7 oyida oldini olish lozim bo‘lgan jinoyatlar bir muncha kamayishiga erishildi.

Shu kabi jinoyatlarning ayrim turlari mast holda (13-2), muqaddam sudlanganlar (18-9), voyaga yetmaganlar (11-6), yoshlar (41-26) va guruhlar (19-9) jinoyatini kamaytirishga erishdik.

Biroq, ishsizlar (4-8) tomonidan sodir etilgan jinoyatlar birmuncha oshib ketdi.

Shuningdek, bugungi globallashuv jarayonida huquqbuzarlar noqonuniy boylik orttirishning  yangi  yo‘llarini  ham  o‘ylab  topmoqdalar.

Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot keng joriy etilayotganligi natijasida firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatining yangi - yangi turlari paydo bo‘lmoqda va ularning aksariyati axborot texnologiyalari hamda internet ijtimoiy tarmoqlari orqali  sodir  etilmoqda.

Bugungi rivojlanayotgan zamonda jinoyatlarning yangi turi sifatida kirib kelgan kiber jinoyatlarning salmog‘i kundan – kunga ortishi  bunga qarshi jiddiy tashkiliy  choralar  ko‘rishni  taqozo  etmoqda.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar bir necha baravarga  ko‘payib, jami jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil qilmoqda.

Firibgarlik hamda o‘g‘irlik qurboni bo‘lmaslik uchun avvalambor, ogoh bo‘lish, intenret ijtimoiy tarmqolaridagi har xil provakatsiyalarga uchmaslik, shubhali maʼlumotlarni ochmaslik, begona shaxslar bilan shaxsiy maʼlumotlar haqida gaplashmaslik, shuningdek pul, avtomashina, uy-joy oldi-berdi, mulk o‘tkazish, ishga va o‘qishga kiritish, kredit olish va boshqa masalalarni hal etishda amaldagi qonun talablariga rioya qilish maqsadga  muvofiqdir.

Shuni ham qayd etib o‘tish lozimki, oila va turmushda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab  bo‘layotganligi ham ayni haqiqat.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish bo‘yicha boshqa idoralar va  keng  jamoatchilikni  jalb  qildik.

Natijada, o‘tkazilgan o‘rganishlarda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 222 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha 182 dan ortiq choralar  ko‘rildi.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi  deb  yondashib,  har birimiz birgalikda  jon  kuydirishimiz lozim.

Zero, davlatimiz kelajagi aynan shu yoshlarning qo‘lida!

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-onalar hamda yashash va o‘qish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarning javobgarligi  kuchaytirildi.

Hurmatli  fuqarolar!

Jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan  birgalikda  harakat  qilishimiz  lozim.

Huquqbuzarlik va jinoyatlarga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga  alohida  eʼtibor qaratamiz.

Shunday ekan, aholi va keng jamoatchilikni tumanimizda jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashishga, doimo ogoh bo‘lishga chaqiraman.

Zero ogohlik – davr talabidir!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Chortoq tuman prokurori Z.Boyzoqov

Text to speech