"Bilimlar kuni" munosabati bilan Namangan shahridagi maktablarda tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi
Bugun, bilim va ma‘rifat bayrami sanalgan 2-sentyabr – “Bilimlar kuni” munosabati bilan mamlakatimizning barcha umumta‘lim maktablarida bayramona kayfiyat hukm surib, o‘quvchilar, ota-onalar va ustozlar qalbida quvonchli onlarni uyg‘otdi. Ushbu qutlug‘ sana yoshlarimizni ilm-fan sari chorlaydigan, ularga yangi marralar sari ishonch bag‘ishlaydigan muhim kun sifatida keng ko‘lamda va ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
Bugun Namangan viloyati IIB boshlig‘i 1-sinf o‘quvchilarini tabriklash hamda ularga Prezident sovg‘alarini topshirish maqsadida Namangan shahridagi 34-sonli maktabda o‘tkazilgan tantanali tadbirda ishtirok etdi.
Dastlab, sana munosabati bilan maktab hovlisida bayram dasturi tashkil etildi. Ramziy “Birinchi qo‘ng‘iroq” jarang sochib, bolajonlar kuy-qo‘shiqlar ijro etdilar, she‘rlar o‘qib berdilar va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Tadbirda boshqarma boshlig‘i so‘zga chiqib, o‘qituvchilarga yangi o‘quv yilida omad va zafarlar yor bo‘lishini tiladi hamda o‘quvchilar orasidan sport va fan olimpiadalarining munosib g‘oliblari yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.
Tadbir yakunida sinfxonalar sharoiti bilan yaqindan tanishildi, birinchi sinfga qabul qilingan o‘quvchilar bilan samimiy suhbat tashkil etildi va ularga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati